Kam ta’minlangan shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tizimi takomillashtiriladi
Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash choralari izchil davom etmoqda. Ayniqsa, joriy tashabbuslar qonun bilan mustahkamlanayotgani nur ustiga nur bo‘lmoqda.
2026-yil 20-apreldagi O‘RQ–1135-son qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Xususan, “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, kam ta’minlangan shaxslar, agar ular muayyan ishda sud tomonidan o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qonunning O‘zbekiston Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risida Konstitutsiyaviy sudga murojaat etganda davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega ekani belgilandi.
Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish haqidagi so‘rov “Yuridik yordam” axborot tizimi orqali davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘lgan, Konstitutsiyaviy sudga shikoyat bilan murojaat etgan fuqaroning iltimosiga ko‘ra Konstitutsiyaviy sud tomonidan yuboriladi.
Qayd etish joiz, qonun ustuvorligi bilan birga inson qadri ham mustahkamlanib borayotgani barqaror jamiyat shakllanayotganidan dalolat.
Sherbek Islomov, O‘zA