Kadastr xodimi 5 ming dollar bilan ushlandi
Samarqand viloyatidagi huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda bir qator qonunbuzarlik holatlari qayd etildi.
Jumladan, Davlat kadastrlar palatasi Samarqand shahar filiali xodimi Urgut tumani hududida joylashgan 25 sotix yerni 36 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, oldindan firibgarlik yo‘li bilan 5 ming AQSH dollari miqdoridagi pullarni olgan vaqtda Samarqand viloyati IIB korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, ikki kishini oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kiritib qo‘yishini aytib, har biri uchun 500 AQSH dollaridan jami 1000 AQSH dollari miqdoridagi pullarni olgan shaxs viloyat IIB korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi hamda Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Samarqand shahar bo‘limi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qo‘lga olindi.
G‘.HASANOV, O‘zA muxbiri