Kadastr tizimida raqamli islohotlar yangi bosqichga chiqmoqda
Milliy matbuot markazida Kadastr agentligi tizimida 2025-yil davomida amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Tadbirda sohada o‘tgan yil davomida erishilgan natijalar, amalga oshirilgan islohotlar va kelgusi rejalar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Yurtimizda yer va ko‘chmas mulk munosabatlarini tartibga solish, sohani raqamlashtirish, davlat xizmatlarini soddalashtirish hamda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda. Bu borada Kadastr agentligi tomonidan 2025-yil davomida qator muhim ishlar amalga oshirildi.
Xususan, kadastr sohasida raqamli texnologiyalarni joriy etish va axborot tizimlarini integratsiya qilish bo‘yicha salmoqli natijalarga erishildi. Ilgari alohida faoliyat yuritgan “Davreyestr”, “Ko‘chmas mulk” va “Ko‘chmas mulk–3” axborot tizimlari o‘rniga Jahon banki bilan hamkorlikda UZKAD — kadastr va ro‘yxatdan o‘tkazish integratsiyalashgan axborot tizimi ishga tushirildi.
Matbuot anjumanida qayd etilishicha, ko‘chmas mulkka oid ma’lumotlar ochiqligini ta’minlash maqsadida open.ngis.uz ommaviy geoportali yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish xizmatlari Davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron shaklda ko‘rsatilmoqda.
Yer va kadastr nazoratini raqamlashtirish maqsadida “E-Yer nazorat” axborot tizimi joriy etildi. Mazkur tizim Bosh prokuratura hamda Ichki ishlar vazirligi axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan.
— Respublika umumiy yer maydoni 44 million 892,1 ming gektarni tashkil etadi. Hozirgi kunda ushbu yerlarning 42,6 million gektari, ya’ni 95 foizi UZKAD tizimi orqali elektron xaritaga tushirilgan, — deydi Kadastr agentligi direktori o‘rinbosari Abdushukur Abdullayev. — Shuningdek, 41,8 million gektar yer maydoni 2,2 million nafar yerdan foydalanuvchilar kesimida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Hisobga olish ishlari natijasida ilgari hisobga olinmagan 181,7 mingta ob’ekt hamda 2,3 mingta qo‘shimcha qurilma aniqlandi. Bugungi kunda respublikadagi ko‘chmas mulk ob’ektlari soni 8 million 846 mingtani tashkil etmoqda. Shundan 6,24 millionta ob’ekt davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lsa, 2,59 millionta ob’ekt hali ro‘yxatdan o‘tmagan.
2025-yil davomida jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari asosida 1 million 135 mingdan ortiq ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Yer qonunchiligiga rioya etilishini ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida 61 ming 154 ta holatda 4 ming 935 gektar yerni o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlari aniqlandi. Berilgan ko‘rsatmalar asosida 43 ming 614 ta holatda yer qonunbuzilishlari ixtiyoriy ravishda bartaraf etildi.
[gallery-28179]
Shu bilan birga, 15 ming 466 ta holat bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari kiritildi, 1 ming 967 ta holat yuzasidan materiallar prokuratura organlariga yuborildi.
Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 295 ming 641 ta yer uchastkalari “Yer elektron” tizimiga kiritildi. Shundan 2025-yilda 66 ming 287 tasi auksion savdolariga chiqarildi.
Paxta-g‘alladan bo‘shagan past hosilli yerlarni dehqon xo‘jaliklariga ajratish bo‘yicha 261 ming gektar yer hokimliklar zaxirasiga qaytarildi. Bu belgilangan rejaning 103 foizini tashkil etdi.
2025-yilda geodeziya va kartografiya sohasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 131,2 ming kv.km hududda aerofotosuratga olish ishlari olib borildi, 121 ming kv.km hududda ortofotoplanlar tayyorlandi, 67,4 ming kv.km hududda deshifrovka ishlari amalga oshirildi.
Shahnoza Mamaturopova,
Oybek Pardayev (surat),
O‘zA