Joy nomlari davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirilmoqda
So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar inson qadri, milliy manfaat va ma’naviy qadriyatlarga bo‘lgan e’tiborni yangi bosqichga olib chiqmoqda. Davlat tilining nufuzini oshirish, uning hayotimizdagi barcha sohalarda to‘laqonli qo‘llanilishini ta’minlash borasida izchil ishlar olib borilmoqda.
Aslida joy nomlarini asrash, ularni to‘g‘ri ifodalash va kelajak avlodlarga asl shaklida yetkazish oddiy masala emas. Bu milliy o‘zlikni asrash, ona tiliga ehtirom va tarixiy xotiraga sadoqat masalasidir.
Bu jarayonda tarixiy va geografik nomlarni davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirish alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki tilning hayotdagi mavqei uning nafaqat hujjatlar va kitoblarda, balki ko‘cha-ko‘y, xarita, axborot ko‘rsatkichlari va joy nomlarida qay darajada to‘g‘ri va maqbul qo‘llanilishi bilan ham belgilanadi.
Bunda Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-iyuldagi 376-sonli qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur hujjat bilan mamlakatimizdagi ayrim tog‘ tizmalari, tog‘lar, cho‘qqilar, daralar, dovonlar va g‘orlarning nomlari davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirildi hamda ayrimlariga yangi nomlar berildi. Qarorda Navoiy viloyati hududida joylashgan 12 ta geografik ob’ekt – Arslontov, Balpantov, Qozoqtov, Yamontov, Shoshaqtov, Oqbeltov, Bo‘zdoңtov, Katta Qashqirtov, Qopqoqtosh, Saritov, Yamonqashqirtov va Oltintov tog‘ tizmalari nomlari rasman tasdiqlandi.

– Har bir nomning shakllanishida muayyan tarixiy va tabiiy omillar mujassam. Shuning uchun ularni yagona me’yor asosida rasmiylashtirish hududning tarixiy-geografik qiyofasini aniq ifodalashga xizmat qiladi, – deydi viloyat hokimining ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Qobil Astanov. – Qarorda belgilangan vazifalardan biri tog‘ tizmalari, tog‘ va cho‘qqilardagi peshlavha hamda axborot ko‘rsatkichlaridagi yozuvlarni lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida aks ettirishdan iborat. Navoiy viloyatida bu topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida tasdiqlangan 12 ta ob’ektga tegishli axborot ko‘rsatkichlari o‘rnatildi. Bunday o‘zgarishlar, avvalo, axborot muhitini zamonaviy talablarga moslashtiradi. Shu bilan birga, sayyohlar, tadqiqotchilar va mahalliy aholi uchun geografik ob’ektlar haqida aniq va tushunarli ma’lumot olish imkoniyatini kengaytiradi.

Bu lavhalar endi tog‘lar bag‘rida shunchaki axborot vositasi bo‘lib turmaydi. Ular davlat tiliga bo‘lgan e’tibor, milliy qadriyatlarga hurmat va yurtimizda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlarning kichik, ammo muhim bir ko‘rinishi sifatida xizmat qiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri