Jo‘rabek Mirzamahmudov: Kelajak energetikasi bugungi ilmiy tashabbuslardan boshlanadi
Bugun Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti yosh olimlari va talabalari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, ilmiy xodimlar hamda talabalar ishtirok etgan tadbirda energetika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, sohaning bugungi natijalari va kelgusi rivojlanish istiqbollari xususida so‘z bordi.
Jo‘rabek Mirzamahmudov o‘z chiqishida energetika sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, quvvat ta’minoti barqarorligini ta’minlash, tarmoqqa innovatsion texnologiyalarni joriy etish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish hamda yuqori malakali muhandis kadrlar tayyorlash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi
Muloqot davomida universitetning Energetika fakulteti faoliyatiga ham alohida e’tibor qaratildi. Mazkur fakultet 1961-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda 60 yildan ortiq ta’lim va ilmiy tajribaga ega yirik ta’lim dargohi sifatida shakllangan. Shu vaqtga qadar fakultetda 8 mingdan ziyod malakali bitiruvchilar tayyorlangan. Ayni paytda 4 ta kafedra, 4 ta bakalavriat, 6 ta magistratura va 4 ta doktorantura ixtisosliklari faoliyat yuritmoqda.
Ta’kidlanganidek, fakultet energetika sohasi uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega muhandis kadrlarni tayyorlashda muhim o‘rin tutadi. Bu yerda ta’lim, ilm-fan va amaliyot uyg‘unligi asosida energetika tarmog‘ining bugungi va istiqboldagi ehtiyojlariga javob beradigan mutaxassislar tayyorlanmoqda.

Vazir bu kabi ta’lim muassasalari kelajak energetikasi uchun mustahkam asos yaratayotganini ta’kidladi.
– Energetika sohasi jadal rivojlanmoqda. Endi faqat ishlab chiqarish hajmini oshirish yetarli emas, balki innovatsion yondashuv, muhandislik tafakkuri va ilmiy ishlanmalar hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Shu nuqtai nazardan, universitetlar va ularda faoliyat yuritayotgan yosh tadqiqotchilar yangi davr energetikasining asosiy harakatlantiruvchi kuchidir. Kelajak energetikasi bugungi ilmiy tashabbuslardan boshlanadi. Sohada raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash uchun ta’lim muassasalari va ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiyani yanada mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi vazir.
Uchrashuvning savol-javob qismida universitet doktoranti E’zozbek Ozodov so‘zga chiqib, suv va energetika sohalari uchun ishlab chiqqan 24 ta startap loyihasi haqida ma’lumot berdi.
– Ilmiy faoliyatimiz davomida suv va energetika sohalari ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda 24 ta startap loyihasi ishlab chiqildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad esa energetika resurslaridan samarali foydalanish, raqamli yechimlarni kengaytirish, texnologik jarayonlarni takomillashtirish va amaliyotda qo‘llash imkoniyatlarini yaratishdan iborat. Biz ushbu loyihalarni ishlab chiqarish jarayonlariga tatbiq etish va investorlar bilan hamkorlik qilishga qiziqamiz, – dedi E.Ozodov.
Mazkur tashabbuslarga munosabat bildirgan vazir yosh tadqiqotchilarning g‘oyalari kelgusida soha taraqqiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etishi, loyihalar aniq iqtisodiy va texnologik samaraga ega bo‘lsa, ular albatta qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida yoshlarning innovatsion g‘oyalarini rag‘batlantirish, ilmiy ishlanmalarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish va energetika sohasi uchun zamonaviy kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA