Jondorda sanoat va xizmatlar sohasi izchil rivojlanmoqda
FOTOREPORTAJ
Buxoro viloyati Jondor tumanida sanoatni rivojlantirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligini oshirish borasida izchil ishlar olib borilmoqda.
Amalga oshirilayotgan loyihalar samarasi tumanning iqtisodiy ko‘rsatkichlarida ham namoyon bo‘lmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida tumanda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 638,2 milliard so‘mni tashkil etib, o‘sish sur’ati 107,2 foizga yetdi. Xizmatlar hajmi esa 802,1 milliard so‘mni tashkil etib, o‘sish sur’ati 112,6 foiz bo‘ldi.
Tumanda sanoat zonalari imkoniyatlaridan samarali foydalanish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish va aholi bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, «NAJMIDDIN-KOMIL» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan zamonaviy mebel mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Investitsiya loyihasining umumiy qiymati 2,3 milliard so‘m bo‘lib, korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 800 million so‘mni tashkil etadi. Loyiha doirasida har yili davlat byudjetiga 150 million so‘m miqdorida tushum ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.
[gallery-30934]
Shuningdek, tumandagi «Qaroli» kichik sanoat zonasi hududida «ATU Buxoro» MCHJ QK tomonidan turli xil alyuminiy oshxona idishlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 800 million so‘mni tashkil etib, davlat byudjetiga har yili 130 million so‘m tushum keltirishi kutilmoqda. Bu yerda 16 nafar mahalliy aholi uchun doimiy ish o‘rni yaratildi.
Bunday loyihalar mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish, aholi bandligini ta’minlash hamda ichki bozorni raqobatbardosh mahsulotlar bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tumanda sanoat va xizmatlar sohasidagi o‘sish, yangi investitsiya loyihalarining ishga tushirilishi hamda tadbirkorlik sub’ektlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hudud iqtisodiy salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
O‘zA fotomuxbiri
Tohir ISTATOV olgan (surat)