Jonajon O‘zbekistonimizning betakror timsoli
Hamma uyda bo‘lsa-da, xonadon suv quygandek jimjit. Doimiy mashg‘ulot - bolalarning biri kompyuterda, boshqasi telefonda o‘yin bilan band.
Uch yashar jajji bolakay javon yaqiniga stulchani asta surib kelib, kitoblar yonidagi Vatanimizning mo‘’jaz bayroqchasini oldi. Bayroqchani baland tutganicha uyning u yeridan bu yeriga yugura boshladi. Bolakayning quvonchi, o‘z tilida "Bayroq, bayroq" deya baland va jo‘shqin chuldirashi aka-opalarining e’tiborini tortdi.
Bolalar qo‘llaridagi texnik matohni bir chetga surib, kichkintoyga, uning mitti barmoqchalari tutgan Vatanimiz bayrog‘iga tikilib qolishdi. Ha, chindan ham uning juda chiroyli, jonajon O‘zbekistonimizning husniga, ko‘rinishiga juda munosib ekaniga ular yana bir bor astoydil ishonch hosil qildilar. Jajji ukachasiga qo‘shilib, ular ham "bayroq, bayroq" deya quvonch bilan baralla jo‘r bo‘lishardi...
18 noyabr - O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun. Mana o‘ttiz yildirki, bayrog‘imiz jahonning turli mamlakatlarida, yurtimizdagi eng nufuzli binolar, turli tadbirlar, anjumanlar, simpoziumlarda mag‘rur hilpiramoqda. U nurli istiqboli sari intilgan jonajon O‘zbekistonimizning ajib ramzi, hurligimiz, mustaqilligimiz, erkin va obod, farovon hayotimizning betakror o‘ziga xos timsolidir.
Xorijiy mamlakatlarda bo‘lib o‘tayotgan nufuzli tadbirlar, sport musobaqalarida ko‘zimizga yanada qadrdon, mo‘’tabar ramz bo‘lib ko‘rinadi.
Mana, besh-olti yildirki, O‘zbekiston o‘zgacha shahdu shiddat bilan odimlamoqda. Uning yetakchisi boshlab bergan yangilanish jarayonlari jahonda elparvar, insonparvar, oddiy odamlarning dardu tashvishiga, o‘y-hayollariga, orzu-umidlariga hamohang o‘zgarishlar sifatida dunyoga namoyon bo‘lmoqda. Yangilanayotgan O‘zbekistonda inson, uning qadr-qimmati, manfaatlari ustuvor ekani asosiy tamoyil tarzida jahon ko‘z o‘ngida gavdalanmoqda. Bunda inson haq-huquqlariga, uning erki va sha’ni, obro‘-e’tibori barcha narsalardan ustun ekani kechayotgan shiddatli islohotlarda ustuvorlik kasb etmoqda.
Ha, bugun Vatanimiz bayrog‘i yanada balandlarda, yanada mag‘rur hilpiramoqda. Jahon O‘zbekistonimiz, uning betakror va g‘oyat go‘zal timsoli bo‘lgan bayrog‘iga havas, hayrat, umid va ishonch bilan boqmoqda!
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan mamlakatimizning barcha go‘shalarida turli tadbirlar, anjumanlar, sport musobaqalari bo‘lib o‘tmoqda. Ular navqiron avlod qalbida vatanparvarlik, fidoyilik, davlat ramzlariga hurmat va ehtirom tuyg‘ularini yanada jo‘sh urdirishi shubhasiz.
Nazokat Usmonova,
O‘zA