Jizzaxda yangi mashina ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi
Jizzax viloyatida zamonaviy Kia K3 markali mashina mahalliylashtirilgan holda ishlab chiqarishga tushirildi. Bu nafaqat yangi model, balki hudud iqtisodiyotida avtomobilsozlikda sifat jihatdan yangi davr boshlanganining amaliy ifodasidir.
Yangi avlod avtomobili “ADM Jizzakh” korxonasida ishlab chiqarilmoqda. Bu yerda qisqa muddatda xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ishlab chiqarish zanjiri shakllantirildi: butlovchi qismlar tayyorlash, yig‘ish, bo‘yash va yakuniy sifat nazorati — barchasi yagona texnologik tizimga birlashtirildi. Bu esa korxonani oddiy yig‘uv maydonidan to‘liq siklli sanoat markaziga aylantirdi.
Tantanali taqdimot marosimida Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyev, Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Von Do Yon, shuningdek, soha mutaxassislari ishtirok etdi. Alohida ta’kidlanganidek, mazkur loyiha ikki davlat o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasining amaliy natijasiga aylanmoqda.
— Jizzax bugun shunchaki hudud emas, balki sanoat rivojlanishining drayveriga aylanmoqda. Biz agrar hududdan yuqori texnologiyali ishlab chiqarish markaziga aylanish yo‘lidan izchil bormoqdamiz, — dedi viloyat hokimi.
[gallery-29025]
“ADM Jizzakh” kompaniyasi bosh direktori Daniyar Davletyarov esa yangi modelning strategik ahamiyatiga alohida to‘xtaldi:
— Kia K3 — bu bizning navbatdagi mahsulotimiz emas, balki texnologik imkoniyatlarimiz qay darajaga chiqqanini ko‘rsatadigan muhim bosqich. Ushbu model orqali biz sifat, raqobatbardoshlik va mahalliylashtirish darajasini yangi pog‘onaga olib chiqmoqdamiz. Eng muhimi, bu yerda shakllanayotgan sanoat ekotizimi kelgusida yana o‘nlab yangi ishlab chiqarishlarni o‘z ortidan ergashtiradi.
So‘nggi yillarda korxona keskin o‘sish sur’atlarini namoyon etdi. Agar 2021-yilda 4,6 ming dona avtomobil ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich 46 mingtadan oshib ketdi. Ishlab chiqarish hajmi 12,2 trillion so‘mga yetdi. Bugungi kunda korxona viloyat yalpi hududiy mahsulotining salmoqli qismini ta’minlab, sanoatning “lokomotivi” vazifasini bajarmoqda.
Investitsiya ko‘lami ham e’tiborga molik. Avval 226 million dollar evaziga Kia Sonet ishlab chiqarishi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, Kia K3 loyihasi uchun qo‘shimcha 65 million dollar sarmoya kiritildi. Shu bilan birga, 100 million dollardan ortiq mablag‘ hisobidan mahalliylashtirish klasteri shakllantirilib, o‘rindiqlar, plastik va rezina qismlar, lak-bo‘yoq mahsulotlari ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.
Eng muhimi, bu jarayon yakka holda kechmayapti. Korxona atrofida kooperatsiya zanjiri kengayib, yangi ishlab chiqarishlar paydo bo‘lmoqda. “Jizzax” kimyo texnoparkida avtomobil sanoati uchun kabel va filtrlar ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu esa yuzlab yangi ish o‘rinlari, ayniqsa, yoshlar bandligini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilyapti.
Kia K3 zamonaviy dizayn, raqamli texnologiyalar va qulaylikni o‘zida mujassam etgan holda keng iste’molchilar qatlamiga mo‘ljallangan. Mutaxassislar fikricha, mazkur model ichki bozorni to‘ldirish bilan birga, eksport salohiyatini ham sezilarli darajada oshiradi.
Xulosa qilib aytganda, Jizzaxda yo‘lga qo‘yilgan yangi ishlab chiqarish — bu bir zavod yoki bir model tarixi emas. Bu — mamlakat sanoat siyosatining amaldagi natijasi, investitsiya muhitining barqarorligi va eng muhimi, O‘zbekistonda yuqori qo‘shilgan qiymat yarata oladigan zamonaviy industriya shakllanayotganining ishonchli dalilidir.
A.Qayumov,J.Yorbekov (surat), O‘zA