Jizzaxda gaz tarmoqlari kuz-qish mavsumiga tayyorlanmoqda
Jizzax viloyatida 2026–2027-yillar kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish, aholini tabiiy va suyultirilgan gaz bilan barqaror ta’minlash hamda tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarning oldini olish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
“Hududgaz Jizzax” gaz ta’minoti filiali hamda “O‘zenergoinspeksiya” xodimlari hamkorligida gaz tarmoqlari va taqsimlash punktlarining texnik holati o‘rganilib, mavsumga tayyorgarlik yuzasidan nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
Ayni paytda viloyatda 317 ming 635 nafar iste’molchi mavjud bo‘lib, ularning 183 ming 368 nafari tabiiy, 130 ming 866 nafari suyultirilgan gazdan foydalanmoqda.
— Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida 68,9 kilometr gaz quvurini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan edi, - deydi “Hududgaz Jizzax” gaz ta’minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Muzaffar Salimov. — Amalda 85,1 kilometr gaz quvuri rekonstruksiya qilindi. Shuningdek, viloyatdagi 3 ming 224 ta gaz taqsimlash punkti to‘liq taftishdan o‘tkazildi. Tarmoqlarning barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida 171,4 kilometr gaz quvuri bosim ostida sinab tozalandi. Bundan tashqari, 21 ming 678 ta xonadonda gaz ta’minoti uch bosqichli tizimdan ikki bosqichli tizimga o‘tkazildi.
Mavsumga tayyorgarlik jarayonida gaz tarmoqlari va qurilmalarining texnik sozligi bilan birga, aholi xonadonlarida gaz jihozlaridan xavfsiz foydalanish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
[gallery-32195]
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, amalga oshirilayotgan tadbirlar iste’molchilarni kuz-qish mavsumida gaz bilan barqaror ta’minlash, tarmoqlardagi nosozliklarning oldini olish hamda xavfsizlikni kuchaytirishga qaratilgan.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA