Jizzaxda eng yaxshi surdo tarjimon aniqlandi
Zarbdor tumanida “Imo-ishora (surdo) tili bo‘yicha eng yaxshi tarjimon” respublika ko‘rik-tanlovining Jizzax viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlov Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Jizzax viloyati boshqarmalari hamda O‘zbekiston Karlar jamiyati viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etildi.
Zarbdor tumanidagi 2-sonli zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida bo‘lib o‘tgan tanlovda hamkor tashkilotlarning rahbar va mas’ul xodimlari, tanlovning quyi bosqichlaridan saralangan jami 10 nafar ishtirokchi 4 shart bo‘yicha bilim va mahoratini sinovdan o‘tkazdi.
Nufuzli hakamlar hay’atining yakuniy xulosalariga ko‘ra, tanlov Nizomida belgilangan barcha shartlarni a’lo darajada bajarishni uddasidan chiqqan Zarbdor tumanidagi 2-sonli zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘qituvchisi Hayitgul Amanova g‘olib deb topildi. Endi Hayitgul tanlovning respublika bosqichida ishtirok etib, viloyat sharafini himoya qiladi.
Ushbu tanlovda, shu tumandagi 1-sonli kar bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘qituvchilari Muxtor Ko‘chkanov hamda O‘g‘iloy Do‘stnazarovalar mos ravishda 2 va 3-o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
Tanlov g‘olib hamda sovrindorlari diplom va qimmatbaho, barcha ishtirokchilar tashkilotchilarning faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A.QAYUMOV, O‘zA