Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Jizzax viloyatining tumanlarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, jinoyatchilikning oldini olish va aholi xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan qator tadbirlar o‘tkazildi. Shuningdek, hududda ma’naviy-ma’rifiy ishlar doirasida nuroniylar uchun poytaxtga sayohat tashkil etildi.
Zomin tumanida aholini ko‘mir va suyultirilgan gaz bilan uzluksiz ta’minlash, mavsumga tayyorgarlik ishlari hamda yoqilg‘i mahsulotlarining talon-toroj qilinishi va noqonuniy sotilishiga yo‘l qo‘ymaslik masalalari muhokama qilindi.

Jizzax viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i hudud mas’ullari bilan uchrashib, ta’minotdagi muammolarni bartaraf etish va mavjud zaxiralardan maqsadli foydalanish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berdi.

***
Mirzacho‘l tumanida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jamoat xavfsizligini mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.

Unda mahallalar va tegishli tashkilotlar mas’ullari ishtirok etib, huquqbuzarliklarga sabab bo‘layotgan omillarni aniqlash, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida profilaktik ishlarni kuchaytirish hamda idoralararo hamkorlikni samarali tashkil etish bo‘yicha vazifalarni belgilab oldi.

***
Respublika bo‘ylab 19-26-oktabr kunlari o‘tkazilayotgan “Aholini zilzilaga tayyorlash haftaligi” doirasida “O‘zbektelekom” tashkilotida nazariy va amaliy mashg‘ulot tashkil etildi.

Xodimlarga yer silkinishi paytida to‘g‘ri harakatlanish, xavfsiz joyga evakuatsiyalanish va favqulodda vaziyatlarda belgilangan qoidalarga amal qilish tartiblari tushuntirildi.

Mashg‘ulotning asosiy maqsadi – xavfli vaziyatlarda sarosimaga berilmasdan, oqilona qaror qabul qilish ko‘nikmalarini mustahkamlash.
***
Sharof Rashidov tumani nuroniylari uchun tashkil etilgan sayohat doirasida poytaxtdagi G‘alaba bog‘i va uning muzeyiga tashrif uyushtirildi.

Otaxon va onaxonlar xalqimizning jasorati, matonati va fidoyiligini aks ettiruvchi tarixiy eksponatlar bilan tanishib, o‘tmish saboqlarini yana bir bor yodga oldi.

E’tibor va e’zozga yo‘g‘rilgan safar keksa avlod vakillarining mazmunli hordiq chiqarishi, ma’naviy dunyosini boyitishi hamda unutilmas taassurotlar bilan qaytishiga xizmat qildi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri