Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
O‘zbekistonda atom energetikasi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, jumladan, “Rosatom” bilan tuzilgan shartnomaga ko‘ra, Jizzaxda 330 MVt quvvatga ega kam quvvatli kichik atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha xalqaro konsorsium tashkil etish rejalashtirilgan. Bu haqda “O‘zatom” agentligi direktori Azim Ahmadxo‘jayev ma’lum qildi.
“O‘zatom” agentligi rahbarining ta’kidlashicha, qurilishda Rossiya texnologiyalaridan tashqari Xitoyning noyadro texnologiyalari, Yevropaning turli dasturiy ta’minot va apparat vositalarini ham qo‘llash rejalashtirilgan.
Shuningdek, “O‘zatom” agentligi MAGATE bilan malakali kadrlar tayyorlash va mamlakatda atom energetikasi loyihalarini amalga oshirish jarayonida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha alohida hamkorlik dasturini ishlab chiqqan.
Kelgusi besh yilda esa yana 25 gigavattli qayta tiklanuvchi energiya manbalari barpo etiladi. Bularning hisobiga yiliga 64 milliard kilovatt soat “yashil” energiya olinadi. Umuman, 2030 yilga borib, jami generatsiyada “yashil energiya” ulushini 50 foizdan oshirish maqsad qilingan.
***
Jizzax viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Zafar Azimov viloyatdagi “Sanoatqurilishbank” va “Agrobank”da hisob raqami bo‘lgan eksportyor tadbirkorlar bilan uchrashdi.
Unda tadbirkorlar o‘z faoliyatlarida duch kelayotgan muammolar, moliyalashtirish, kredit ajratish va eksport jarayonlarida uchrayotgan to‘siqlar haqida fikr bildirib, biznesni rivojlantirish bo‘yicha o‘z takliflarini ham bayon etdi.
Mavjud muammolarni hal etish maqsadida mas’ul idora vakillariga aniq topshiriqlar berildi. Bank va tadbirkorlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, moliyaviy yordam mexanizmlarini soddalashtirish hamda eksport jarayonlarini tezlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.
***
Jizzax viloyat soliq boshqarmasida yashirin iqtisodiyotning oldini olishga qaratilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimligi, prokuratura, iqtisodiy yo‘nalishdagi tashkilot va korxonalar rahbarlari, boshqarmaning shaxsiy tarkibi hamda onlayn tarzda hududiy davlat soliq inspeksiyalari rahbar va xodimlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda davlat xizmatlari sohasini rivojlantirish va 2025 yilga mo‘ljallangan muhim vazifalar muhokama qilindi. “Konvert”da oylik to‘layotgan tadbirkorlarga nisbatan yangi choralar ko‘rilishi va nazoratning kuchaytirilishi e’lon qilindi.
Bu o‘zgarishlar iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, tadbirkorlikning shaffofligini oshirish va davlat byudjetini ta’minlash uchun muhim qadam bo‘lib, soliq tushumlarining oshishiga olib keladi.
***
Jizzax viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi U.Mustafoyev 2024 yilda viloyat hududida huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishning holati va bu borada huquqni muhofaza qiluvchi organlar, idoralar, jamoat tashkilotlarining o‘zaro hamkorligi borasida amalga oshirilgan ishlarning ahvoli va kelgusidagi chora-tadbirlar muhokamasiga bag‘ishlangan idoralararo yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda tuman va mahallalarda huquqbuzarliklarning erta oldini olish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan “yo‘l xaritasi” ijrosi, tuman shtabi a’zolarining o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni bajarish, hududlarda ayrim toifadagi shaxslar bilan profilaktik tadbirlar olib borilishi va boshqa masalalar tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi.
Mahallalarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, yangicha yondashuvlar asosida huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish hamda kun tartibidagi boshqa masalalar yuzasidan mutassadilarga ishlar samaradorligini yanada oshirish yuzasidan aniq manzilli topshiriqlar berildi.
***
Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga asosan, Jizzax viloyatidagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli og‘ir mahallalarning infratuzilmasini yaxshilash, u yerdagi ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish yuzasidan Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i F.Artikov va ishchi guruhi tomonidan belgilangan hududlarda tashviqot ishlari olib borilmoqda.
[gallery-21780]
Xususan, bu borada Mirzacho‘l tumanidagi “Toshkent”, “Bog‘bon” va “Ipak yo‘li” MFYlarida qariyb 50 nafardan ortiq fuqaroning bandligi ta’minlanib, 100 nafarga yaqin ishsiz fuqaroga imtiyozli kreditlar ajratilishi yuzasidan tizimli ishlar olib borildi. Mahallalarning infratuzilmasini yaxshilash maqsadida joriy yilda jami 193 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan.
Bojxona mas’ullari tomonidan mazkur yo‘nalishlarda belgilab berilgan chora-tadbirlarning ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash, yuzaga kelgan muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri