Jizzax ta’lim tizimida yangi loyiha
Jizzax viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda Jizzax shahridagi Prezident maktabi hamkorligida tizimda yangi loyihani amalga oshirishga kirishildi.
Viloyatdagi umumta’lim maktablari STEAM fanlar o‘qituvchilari hamda tumandagi maktab bitiruvchilari uchun tashkil etilgan seminar-trening “Zamonaviy ta’lim metodlarini bosqichma-bosqich tatbiq etish ko‘nikmalari” mavzusiga qaratildi.


G‘allaorol tumani ixtisoslashtirilgan maktabida bo‘lib o‘tgan tadbirda viloyat, shahar va tuman maktabgacha va maktab ta’limi boshqarma, bo‘limlar rahbarlari, xorijlik va umumta’lim maktablari STEAM fanlari o‘qituvchilari hamda tumandagi maktab bitiruvchilari ishtirok etdi.
STEAM – ta’limni haqiqiy hayot bilan bog‘lovchi texnologiya bo‘lib, STEAM yondashuvining asosiy g‘oyasi: amaliyot nazariy bilim kabi juda muhimdir. Ushbu loyiha dastlab viloyatning G‘allaorol va Baxmal tumanlarida tashkil etildi.


Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida asosiy investitsiya ta’limni qo‘llab-quvvatlashga qaratilishi, maktablarda ta’lim sifati, jamiyatda o‘qituvchi nufuzini oshirish, ustoz-muallimlarning sharoitlarini yaxshilash 2023 yildagi eng asosiy vazifalardan biri ekani alohida ta’kidlab o‘tilgan.
– Prezidetimizning joriy yil 28 fevraldagi “2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni hamda 2023 yil 20 yanvardagi – maktablarda xorijiy tillar va kasb o‘rgatish tizimini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishida ham xorijiy tillarni o‘qitish sifatini oshirish va o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish masalalari borasidagi topshiriqlar ijrosi doirasida respublikamizning boshqa hududlaridagi kabi viloyatimizda ham keng ko‘lamdagi ishlar hayotga tatbiq etilmoqda, – deydi Jizzax viloyati MvaMTB boshlig‘i Feruza Soliyeva. – Yuksalish sari yuz tutayotgan mamlakatimiz yoshlariga bugun hech bo‘lmasa 2 ta xorijiy tillarni o‘rgatishimiz va biror kasb-hunarga yo‘naltirishimiz juda muhimdir.


Umumta’lim maktablarida ta’limni tizimli isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, o‘sib kelayotgan yosh avlodni ma’naviy-axloqiy va intellektual rivojlantirishni sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarish, o‘quv-tarbiya jarayoniga ta’limning innovatsion shakllari va usullarini joriy etish oldimizda turgan bugunning eng dolzarb vazifalaridandir. bugungi seminar-treningdan ko‘zlangan asosiy maqsadimiz ham shundan iborat edi.

Jonli muloqot va amaliy nazariy tarzda o‘tgan seminar-treningda yuqori malakali mahalliy va xorijlik o‘qituvchilar tadbir ishtirokchilariga “Zamonaviy ta’lim metodlarini bosqichma-bosqich tatbiq etish ko‘nikmalari” mavzusiga oid yangi bilim va tajribalarni ulashdi, ularning savollariga batafsil javob berdi.
Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar tajribasini tatbiq etishga qaratilgan ushbu loyiha viloyatning barcha hududlarida tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA