Jizzax tajribasi: 15 kunda bajarilgan g‘alla marrasi
Jizzax viloyatida g‘alla o‘rim-yig‘imi kam vaqt ichida yuqori samara bilan yakunlandi. Respublikada birinchi bo‘lib shartnomaviy rejani atigi 15 ish kunida bajargan viloyat g‘allakorlari nafaqat hosildorlik bo‘yicha yuqori natijalarga erishdi, balki innovatsion yondashuvlar, raqamli texnologiyalar va samarali boshqaruv asosida agrar sohada yangi tajriba maktabini ham shakllantirdi.
Jizzax viloyati hokimi rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda g‘alla o‘rim-yig‘imi yakunlari, erishilgan natijalar hamda navbatdagi ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi. Uchrashuvda mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shgan fermer va dehqonlarning fidokorona mehnati alohida e’tirof etildi.
Yig‘ilishda so‘z olgan viloyat hokimi Ulug‘bek Mustafoyev, avvalo, barcha g‘allakorlarni muhim marra bilan tabrikladi.

— Respublikada birinchi bo‘lib g‘alla bo‘yicha shartnomaviy rejani atigi 15 ish kunida bajarganingiz bilan samimiy muborakbod etaman. Bu yutuq ortida fermerlar, dehqonlar va barcha mehnatkashlarning zahmatkashligi, yuksak mas’uliyati hamda fidoyiligi mujassam, — dedi viloyat rahbari.
Joriy yilda viloyat bo‘yicha 180,4 ming gektar maydonga boshoqli don ekinlari joylashtirildi. Shundan 80,4 ming gektari sug‘oriladigan, 100 ming gektari esa lalmi yerlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Mazkur maydonlardan 950 ming tonnadan ziyod don yetishtirish rejalashtirilgan bo‘lib, bu hosilning umumiy qiymati qariyb 3 trillion so‘mga teng. Bugungi kunga qadar sug‘oriladigan maydonlarning 69,4 ming gektarida o‘rim-yig‘im ishlari yakunlandi. E’tiborlisi, o‘rtacha hosildorlik har gektardan 100–120 sentnerni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilgi 85 sentnerlik natijadan sezilarli darajada yuqori.
Hali yig‘ib olinishi lozim bo‘lgan maydonlardan qo‘shimcha 100 ming tonnadan ziyod hosil olinishi kutilmoqda. Joriy mavsumda viloyatda 126 nafar fermer har gektardan 100 sentnerdan ortiq g‘alla yetishtirishga muvaffaq bo‘ldi. Qolgan fermer xo‘jaliklarining aksariyatida esa hosildorlik 85–90 sentner atrofida bo‘ldi.

Ayrim xo‘jaliklar tomonidan qayd etilgan natijalar alohida e’tiborga molik. Jumladan, Mirzacho‘l tumanidagi “Quyoshli vodiy” fermer xo‘jaligida har gektardan 120 sentner, Zarbdor tumanidagi “Yutuq maydoni”da 109 sentner, Paxtakor tumanidagi “Muhammadkarim shodosi”da 106 sentner, Do‘stlik tumanidagi “Javohir jamoli”da 105 sentner, Zafarobod tumanidagi “Madadkor qush”da 105 sentner, Arnasoy tumanidagi “Suyunov Sardor”da 102 sentner hamda Sharof Rashidov tumanidagi “Shermat” fermer xo‘jaligida 101 sentner hosildorlikka erishildi.
Yig‘ishtirib olingan hosilning 263,9 ming tonnasi don qabul qilish maskanlariga topshirildi. Bu belgilangan rejaga nisbatan 102,4 foizni tashkil etdi. Shundan 119,5 ming tonna davlat resursi uchun, 128 ming tonna vaqtinchalik saqlash uchun va 16,4 ming tonna urug‘lik sifatida qabul qilindi. Shu bilan birga, qo‘shimcha ravishda yana 30 ming tonna don topshirish rejalashtirilgan.

G‘allakorlarning ijtimoiy mas’uliyati ham alohida tahsinga sazovor. Fermer xo‘jaliklari tomonidan 56 ming tonna g‘alla xo‘jalik ishchilari hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga xayriya tariqasida tarqatildi.
G‘alladan bo‘shagan maydonlardan samarali foydalanish bo‘yicha ham aniq choralar ko‘rilmoqda. Xususan, 8 ming nafar ishchiga 22 ming gektar, ijtimoiy daftarlarda ro‘yxatda turgan 10 ming 700 nafar fuqaroga 10,1 ming gektar yer maydoni ajratildi. Shundan 1 ming 600 nafar yoshga 1,4 ming gektar yer takroriy ekin ekish uchun berildi. Bu esa aholi bandligini ta’minlash, qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish va oziq-ovqat xavfsizligini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Erishilgan yuqori natijalar zamirida ilmiy yondashuv va innovatsion texnologiyalarning o‘rni beqiyos bo‘ldi. Mavsum davomida yuqori hosildor navlar keng maydonlarga joylashtirildi, mineral o‘g‘itlar bilan ta’minlash ishlari to‘liq amalga oshirildi. Shuningdek, kasallik va zararkunandalarga qarshi agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida tashkil etildi.
Ayniqsa, raqamli texnologiyalarni qo‘llash borasidagi ishlar samaradorlikni yanada oshirdi. Sharof Rashidov va Paxtakor tumanlarida dronlar yordamida, Arnasoy tumanida esa boshqaruvsiz agregatlar orqali ishlov berish bo‘yicha ilg‘or tajribalar sinovdan muvaffaqiyatli o‘tdi.

Suv ta’minoti murakkab bo‘lgan hududlarga alohida e’tibor qaratildi. Natijada 35 ming gektar maydon suv bilan ta’minlandi. Buning uchun 176 kilometr kanal tozalandi, 109 kilometr lotok ta’mirlandi, 30 ta gidrotexnik inshoot hamda 17 ta nasos o‘rnatildi.
Shu bilan birga, qariyb 50 ta yangi don o‘rish kombayni xarid qilinib, o‘rim jarayonlari GPS texnologiyalari va kuzatuv kameralari asosida tashkil etildi.

Mutaxassislar tomonidan “Jizzax usuli” deb baholanayotgan mazkur tizim kombaynlar faoliyatini to‘liq nazorat qilish, ularning ish unumdorligini oshirish hamda hosilni qisqa muddatlarda yo‘qotishlarsiz yig‘ib olish imkonini berdi.
Eng muhimi, hisob-kitoblarga ko‘ra, aynan shu yondashuv tufayli 84 ming tonna, ya’ni 269 milliard so‘mlik qo‘shimcha hosil saqlab qolindi. Bu raqam innovatsion boshqaruv va zamonaviy texnologiyalarning iqtisodiy samarasini yaqqol namoyon etadi.

Viloyatda g‘alladan bo‘shagan maydonlardan samarali foydalanish ishlari ham izchil davom ettirilmoqda. Xususan, shudgor qilmasdan 30 ming gektar maydonga mosh va yana 30 ming gektar maydonga makkajo‘xori ekish rejalashtirilgan. Bu maqsadda Xitoy tajribasi asosida maxsus seyalkalar olib kelinib, amaliyotga joriy etilmoqda.
Bugun Jizzaxda qo‘llanilayotgan mazkur yondashuv nafaqat yuqori hosildorlikka erishish, balki agrar sohada resurslarni tejash, raqamli boshqaruvni kengaytirish va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash borasida ham samarali model sifatida namoyon bo‘lmoqda. Qisqa fursatda qo‘lga kiritilgan bu natijalar “Jizzax usuli”ning respublika miqyosida ommalashtirishga arziydigan tajriba ekanini ko‘rsatmoqda.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari