Jizzax, Samarqand, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida speleoturizm sohasi rivojlantiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekistonda speleoturizmni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Jizzax, Samarqand, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida speleoturizm rivojlantiriladi. Mazkur hududlarda 2027-2028-yillar mobaynida:
qonunchilik hujjatlarida belgilangan ekologik va sanitariya talablariga qat’iy rioya qilgan holda, zarur muhandislik-kommunikatsiya hamda turistik infratuzilma ob’ektlari, shu jumladan, dam olish maskanlari va sanitar-gigiyenik shoxobchalar tashkil etiladi;
Oilaviy mehmon uylari tashkil etishga ko‘maklashiladi hamda ularning faoliyati qonunchilik hujjatlariga muvofiq yo‘lga qo‘yiladi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi uch oy muddatda Turizm qo‘mitasi hamda Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi bilan birgalikda ob’ektlarga sayohatlarni tashkil qilishda sayyohlar xavfsizligini ta’minlash qoidalari hamda tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqib, belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
2027-yildan boshlab har yili ikki marotaba manfaatdor vazirlik va idoralar hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda 2027-2028-yillarda ob’ektlarda o‘quv-amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasiga speleoturizm yo‘lga qo‘yiladigan hududlarda ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda ob’ektlarga sayohatlarni tashkil qilishda atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish maqsadida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ekologik nazoratini amalga oshirish tavsiya etiladi.
O‘zbekistonning speleoturizm imkoniyatlarini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish maqsadida:
a) Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Turizm qo‘mitasi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
2027-yil may-iyun oylarida Xalqaro speleologlar ittifoqi, mintaqaviy ittifoq va assotsiatsiyalar ekspertlari, yetakchi olimlari va speleolog tadqiqotchilari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi, Gruziya, Rossiya, Xitoy va Vetnamdagi ekskursiya o‘tkaziladigan ob’ektlarga egalik qiluvchi tashkilotlar vakillari ishtirokini ta’minlagan holda, speleoturizmni rivojlantirishga qaratilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etiladi;
2027-yildan boshlab har yili speleologiya, geologiya, gidrologiya va biospeleologiya bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish hamda ustuvor ilmiy loyihalar uchun xalqaro grantlar jalb qilinadi.
Bunda ilmiy tadqiqotlarning ustuvor yo‘nalishlari har uch yilda qayta ko‘rib chiqiladi hamda ularning natijalari Milliy turizm yagona platformasida jamlanadi;
b) Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, homiylik xayriyalari hamda tadbirkorlik sub’ektlarining o‘z mablag‘lari hisobidan nufuzli xorijiy telekanallar uchun O‘zbekistonning speleoturizm imkoniyatini namoyish etuvchi hujjatli filmlar yaratiladi.
O‘zA