Jizzax: Prezident topshiriqlari ijrosi
Prezidentimiz raisligida o‘tgan yig‘ilishda, viloyat, shahar, tuman hokimlariga, sektorlar rahbarlari va boshqa mutasaddilar zimmasiga bir qator vazifalar yuklatilgan edi.
Jumladan, har bir dehqon bozorida sharoitlarni yaxshilash va narx-navoni tartibga solish, yirik korxonalar, ijtimoiy ob’ektlar rahbarlari xodimlarini uyushgan holda ishga olib kelishga avtobus qatnovlarini tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

Sovuq ob-havo, umuman qish faslida oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi va boshqa mahsulotlarning muzlab sovuq urishi natijasida mahsulotlar taqchilligi yuzaga kelishi mumkin va shu sababdan aholining ushbu mahsulotlarga ehtiyoji ortadi. Buning oqibatida esa bozorlarda narx-navo sun’iy ravishda ko‘tarilib ketishi kuzatiladi.
Mahsulotlar ta’minlanishi muntazamligi va narx-navoning sun’iy ravishda ko‘tarilib ketishining oldini olish maqsadida Jizzax viloyatining shahar va tumanlarida tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Hokimlik, sektor rahbarlari va boshqa mutasaddi rahbarlar bugungi vaziyat, narx-navo, arzonlashtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkasidagi tashkiliy ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 16 yanvardagi yig‘ilishda yuklatilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida, Jizzax viloyat prokurori I.Ergashxodjayev, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi boshqarma boshlig‘i D.Axmedov, shahar hokimi K.Xolmurodov, shahar prokurori M.Mamatov hamda mutasaddi tashkilotlar vakillari tomonidan tuzilgan tezkor shtab xodimlari bilan birgalikda shahar markazida joylashgan dehqon bozorlaridagi ahvol, narxlar va mahsulotlar holatini ko‘zdan kechirdi.

O‘rganish jarayonida mas’ullar sotuvchi va xaridorlar bilan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxlarini imkon qadar arzonlashtirish, narxlarni asossiz oshirmaslik masalasida suhbatlashdi.
Shuningdek, yirik korxonalar, ijtimoiy ob’ektlar rahbarlari xodimlarini uyushgan holda ishga olib kelishga avtobus qatnovlarini tashkil etish, jamoat trasporti qatnovidagi vaziyatlar ham o‘rganildi.
Dehqon bozorlari va transport qatnovi bo‘yicha yuzaga kelgan kamchiliklar xususida mutasaddilar jiddiy ogohlantirilib, ularni zudlik bilan bartaraf etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA