Jismoniy imkoniyatning cheklanishi natijaga ta’sir qilmaydi
Bunga Qashqadaryolik aka-uka Alisher va Rustam Rahmonovlarning faoliyati yaqqol misol. Qarshi shahridagi Xontepa mahallasida yashovchi aka-uka ikkalasi ham I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar ro‘yxatida turishadi. Masalan, Alisher Rahmonov deyarli 30 yil davomida uydan chiqmagan.
Lekin ular bolalikdan shaxmat o‘yiniga juda qiziqar va bu borada anchagina muvaffaqiyatga ham erishgan. Jismoniy imkoniyati cheklangani bois bu iqtidorlarini ro‘yobga chiqarishga qiynalar edi. Mahalladagi ijtimoiy xodim esa aka-ukaning muammolari va qiziqishlarini o‘rganar ekan, yordam qo‘lini cho‘zadigan bo‘ldi.

Natijada ijtimoiy xodim ko‘magida fuqarolarning oilaviy daromad manbaiga ega bo‘lishlari uchun mini loyiha asosida “Shaxmat klub” ochishga ko‘maklashildi. Hozirda ushbu shaxmat to‘garagiga 20 nafarga yaqin o‘quvchi yoshlar jalb etildi.

Shuningdek, keys menejment asosida ularning ijtimoiy hayotga moslashuvini ta’minlash maqsadida bir nechta xizmatlar rejasi tuzildi.

Jumladan, sog‘lig‘ini tiklash maqsadida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, har ikkalasi ham elektron aravacha bilan ta’minlandi, sanatoriyga yo‘llanma berildi, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan davolanishlari uchun mablag‘ ajratildi. Tabiiy gaz hamda elektr energiyasi bo‘yicha bazaviy me’yordan ortiq iste’moli uchun kompensatsiya to‘lab berish bo‘yicha ariza kiritildi hamda isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarga beriladigan bir martalik moddiy yordam ajratildi.

Har jabhada hukumatning e’tibor va g‘amxo‘rligini his qilgan va bundan minnatdor bo‘lgan aka-uka Rahmonovlarning orzulari ushaldi, kelajakka bo‘lgan umidlari qaytadan uyg‘ondi. Jismoniy imkoniyatning cheklanishi natijaga ta’sir qila olmasligini isbotlashdi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri