Jinoyat sabablari mahallada muhokama etildi
Jizzax viloyati Forish tumanining “Bog‘don” mahalla fuqarolar yig‘inida sodir etilgan jinoyatning sabablari va unga imkon bergan shart-sharoitlar muhokama qilindi.
Unda mahalla mutasaddilari, fuqarolari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
“Bog‘don” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi, 1984 yilda tug‘ilgan V.Q. tuman markazidagi “Forish dehqon bozori” hududidagi savdo do‘konlaridan pul va turli oziq-ovqat mahsulotlarini o‘g‘rilab, tadbirkorlarni chuv tushirib kelgan.
Tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbir davomida V.Q. sodir etgan jinoyati fosh etilib, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudining hukmi bilan uzil-kesil o‘tash uchun 6 yil muddatga qamoq jazosi tayinlandi.
Muhokamada jinoyat ishlari bo‘yicha Forish tuman sudi raisi Salim Botirov, tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, kapitan Muzaffar Shodmonovl so‘zga chiqib, jinoyatni sodir etilishiga olib kelingan vaj va sabablar, bundan buyon mahalla hududida jinoyatchilikning oldini olish borasida nimalarga e’tibor qaratish lozimligi haqida so‘z yuritdi.
Bu borada tumandagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar va mahalla hamkorligini yanada kuchaytirish yuzasidan kelishib olindi.

Piyodani urib yuborib, haydovchining qochib ketishi oqibatida jabrlanuvchi ayol vafot etgani masalasi ham muhokama etildi.
Joriy yilning 24 iyun kuni kechqurun soat 20:45 larda 4R-42 “Bog‘don – Qoraabdol” avtomobil yo‘lining Forish tumani Amir Temur mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan o‘tuvchi yo‘l 92-kilometrida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
– Forish yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan noma’lum mashina yo‘lni kesib o‘tayotgan piyodani urib yuborib, hodisa joyidan qochib ketgan va oqibatda “Qo‘lba” qishlog‘ida yashovchi 1971 yilda tug‘ilgan ayol kishi og‘ir tan jarohatlari olib, hodisa joyida vafot etgan, – deydi Forish tuman IIB YHXB bo‘linmasi boshlig‘i, mayor Vohid Husanov. – Olib borilgan tezkor surishtiruv davomida yo‘l transport hodisasini “Qo‘lba” qishlog‘ida yashovchi 1976 yilda tug‘ilgan fuqaro Z.X. o‘z boshqaruvidagi “VAZ-2105” rusumli avtomashinasida sodir etganligi aniqlandi.
Ushbu ish yuzasidan Forish tuman IIB tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
A.Qayumov, O‘zA