Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Buxoroda avtobus hamda yuk avtomobili ishtirokidagi yo‘l-transport hodisasi yuzasidan Buxoro viloyati ichki ishlar tergov organi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, darhol tergovga kirishilgan.
Buxoro viloyati prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tekshirishda ayrim mansabdor shaxslar maktab bolalarini avtobusda tashish va hamrohlik qilish ishlarini tashkil qilishda qo‘pol qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yganliklari aniqlangan.
Ushbu holat yuzasidan ham Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Ma’lumot uchun: 2024-yil 18-mart kuni soat 10:30lar atrofida Buxoro viloyati, Kogon tumani hududidan o‘tuvchi A-380b avtomobil yo‘lining 32-kilometri hamda 4R-69 avtomobil yo‘lining 6-kilometri kesishgan, tartibga solingan chorrahada 1991-yilda tug‘ilgan haydovchi O.Sh. boshqaruvida bo‘lgan avtobus hamda 1984-yilda tug‘ilgan haydovchi M.M. boshqaruvida bo‘lgan yuk avtomobili ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
YTH natijasida bir nafar avtobus yo‘lovchisi og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonada vafot etgan. Shuningdek, bir nafar yo‘lovchi tan jarohati olgan bo‘lib, 25 nafar yo‘lovchilarga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri