JCH finalidagi janjal oqibati: Paredes 10 ta o‘yinga chetlatildi
Diskvalifikatsiya Paredesning klubidagi faoliyatiga tatbiq etilmaydi.
2026-yilgi Jahon chempionati finalidan keyin sodir bo‘lgan ommaviy janjal yuzasidan FIFA o‘z hukmini chiqardi. Argentina milliy jamoasi yarim himoyachisi Leandro Paredes mojaro ishtirokchilari orasida eng og‘ir jazoga tortildi.
The Times va El País ma’lumotlariga ko‘ra, FIFA Intizom qo‘mitasi 32 yoshli futbolchini milliy jamoa miqyosidagi 10 ta uchrashuvdan chetlatgan. Diskvalifikatsiya Paredesning klubidagi faoliyatiga tatbiq etilmaydi.
Mojaro 19-iyul kuni Nyu-Jersida o‘tgan Ispaniya va Argentina o‘rtasidagi JCH-2026 finalidan so‘ng yuz bergan edi. Hal qiluvchi bahsda Ispaniya qo‘shimcha vaqtda Ferran Torres tomonidan urilgan yagona gol evaziga chempionlikni qo‘lga kiritdi. O‘yin tugagach esa futbolchilar o‘rtasida to‘qnashuv boshlandi.
FIFA e’tiborini tortgan asosiy epizodlardan ikkitasida Paredes ishtirok etgan. Videolarda argentinalik yarim himoyachining Erik Garsiyani bo‘ynidan ushlashi va keyinchalik Gavini yiqitishi aks etgan. Bu holatlar yuzasidan futbolchiga nisbatan intizomiy ish ochilgandi.
Jazo faqat Paredes bilan cheklanmadi. Argentina safida Nauel Molina 7 ta uchrashuvni o‘tkazib yuboradi. Murabbiylar shtabi vakili Roberto Ayalaga 3 o‘yinlik, Tiago Almadaga esa bir o‘yinlik diskvalifikatsiya berildi. Ispaniya tomonidan Gavi ham bitta uchrashuvga chetlatildi.
Argentina futbol assotsiatsiyasiga nisbatan esa alohida moliyaviy sanksiya qo‘llanildi. Tashkilot Angliyaga qarshi yarimfinaldan keyin Malvin orollariga oid siyosiy mazmundagi banner namoyish etilgani uchun 250 ming yevro jarima to‘laydi.
Natijada Paredes finaldan keyingi voqealar ishtirokchilari orasida eng uzoq diskvalifikatsiyaga uchragan futbolchi bo‘ldi. U Argentina terma jamoasining navbatdagi 10 ta rasmiy bahsida ishtirok eta olmaydi.