JCH-2026 o'yinlariga chiptasi borlar AQSHga qanday qilib viza olishi mumkin?
Okean ortida o‘tadigan tarixiy mundialda milliy terma jamoamizni bevosita stadionda qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilgan o‘zbekistonlik ishqibozlar uchun muhim yangilik! AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi JCH-2026 chiptasiga ega muxlislar uchun viza olish jarayonini tezlashtiruvchi «FIFA PASS» tizimini ishga tushirdi.
Ushbu tizim viza suhbati uchun navbat kutish vaqtini sezilarli darajada qisqartirish imkonini beradi. Undan foydalanish uchun quyidagi qadamlarni bajarish lozim:
Rasmiy chipta: Chipta faqatgina fifa.com/tickets sayti orqali xarid qilingan bo‘lishi shart.
Ro‘yxatdan o‘tish: FIFA shaxsiy kabinetida «FIFA PASS» dasturida ishtirok etish uchun rozilik shaklini to‘ldirish kerak. (Ma’lumotlar pasport bilan bir xil bo‘lishi shart!)
Ariza to‘ldirish: AQSH Davlat departamenti saytida DS-160 anketasini to‘ldirib, viza yig‘imini to‘lash lozim.
Agar sizda haqiqiy chipta borligi tizim orqali tasdiqlansa, siz suhbatga yozilish uchun ustuvor navbat (tezlashtirilgan yo‘lak) huquqini qo‘lga kiritasiz.
Muhim ogohlantirish: Elchixona alohida ta’kidlashicha, JCH chiptasining mavjudligi viza berilishini 100 foiz kafolatlamaydi. Yakuniy qarorni konsullik ofitseri suhbat davomida qabul qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Fabio Kannavaro shogirdlari «K» guruhida quyidagi taqvim asosida maydonga tushishadi:
17-iyun: Kolumbiya — O‘zbekiston (Meksikada)
23-iyun: Portugaliya — O‘zbekiston (AQSHda)
27-iyun: Kongo DR — O‘zbekiston (AQSHda)