JCH—2026: Guruh bosqichining ikkinchi tur uchrashuvlari yakunlandi
Futbol bo‘yicha joriy yilgi mundialning 3-tur uchrashuvlariga bugun start beriladi va 3 ta guruhda jamoalar saralanadi.
Futbol bo‘yicha XXIII Jahon chempionati guruh bosqichining ikkinchi tur uchrashuvlari yakunlandi. Ushbu tur yakunlariga ko‘ra, Meksika, AQSH, Germaniya, Argentina, Fransiya, Norvegiya, Kolumbiya terma jamoalari pley-off bosqichiga yo‘l olgan bo‘lsa, Gaiti, Turkiya, Tunis, Iordaniya va Panama termalari mundialning guruh bosqichida qolib ketdi.
Jumladan, “A” guruhida Meksika 6 ochko to‘plab, muddatidan oldin navbatdagi bosqichga yo‘l olgan bo‘lsa, Koreya Respublikasi termasi 3 ochko bilan ikkinchi o‘rinda qoldi. Chexiya va Janubiy Afrika Respublikasi termalari esa 1 ochkodan jamg‘argan holda keyingi o‘rinlarni band etdi. Ushbu guruhda 3-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Unda Meksika – Chexiya va Koreya Respublikasi – JAR termalari bahsiga guvoh bo‘lamiz. Bu o‘yindagi natijalar faqatgina meksikaliklar uchun ahamiyatsiz bo‘ladi va ular muxlislar uchun o‘ynaydi. Qolgan uch jamoaga esa g‘alaba suv va havodek zarur.

“V” guruhida esa Kanada va Shveysariya 4 ochko bilan 1–2-o‘rinlardan joy olgan bo‘lsa, Bosniya va Gersegovina va Qatar terma jamoalari hisobida bir ochkodan mavjud. Bu esa guruhdagi kurashning yanada keskin tus olishiga sabab bo‘lmoqda.
Guruhning uchinchi turida Shveysariya – Kanada, Bosniya va Gersegovina – Qatar raqobatlashadi. Aslida guruh peshqadamlari uchun mazkur uchrashuvda durang natija ham ularni pley-off bosqichiga olib chiqadi. Biroq, Bosniya va Gersegovina – Qatar o‘rtasidagi o‘yin g‘olibi mundialning eng yaxshi natija ko‘rsatgan 3-o‘rin jamoasiga aylanishi mumkin.

Braziliya va Marokash joy olgan “S” guruhida aynan bu ikki terma jamoa 4 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Shotlandiya esa 3 ochko bilan 3-o‘rinni band etgan, Gaiti ikki tur yakuniga ko‘ra ochkosiz qoldi. Uchinchi turda Braziliya – Shotlandiya hamda Gaiti – Marokash jamoalari o‘zaro kuch sinashadi.

Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, ushbu 3 ta guruhdagi so‘nggi tur bahslari 24-iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Aniqroq aytganda, “V” guruhidagi bahslar mamlakatimiz vaqti bilan 25-iyunga o‘tar kechasi soat 00:00 da boshlansa, “S” guruhidagi terma jamoalar o‘yini soat 03:00 da o‘tkaziladi. “A” guruhidagi to‘qnashuvlarga soat 06:00 dan boshlab guvoh bo‘lamiz.
Chempionat mezbonlaridan biri bo‘lgan AQSH “D” guruhida 6 ochko to‘plab, birinchi o‘rinni egallagan holda 1/32 finalga yo‘l oldi. Avstraliya va Paragvay esa 3 ochkodan jamg‘ardi. Turkiya ochkosiz qolmoqda.

Germaniya “E” guruhida ketma-ket ikki g‘alabadan so‘ng 6 ochko to‘plab, navbatdagi bosqichga muddatidan oldin chiqdi. Kot-d’Ivuar esa 3 ochko jamg‘argan holda ikkinchi o‘rinni egalladi. Hisobida 1 ochkodan bo‘lgan Ekvador va Kyurasao 3–4-pog‘onalarda qolmoqda.

“F” guruhida Niderlandiya va Yaponiya 4 ochko bilan yetakchilik qilmoqda. Shvetsiya 3 ochko bilan uchinchi o‘rinda turibdi. Tunis esa musobaqani mag‘lubiyat bilan davom ettirmoqda.
Bu guruhning uchinchi turida Niderlandiya – Tunis o‘yini shunchaki rasmiyatchilik uchun o‘tadi. Sababi, har qanday vaziyatda ham niderlandiyaliklar pley-off masalasini hal etgan. Ammo so‘nggi turda Yaponiya va Shvetsiya termalari uchun g‘alaba keyingi bosqich yo‘llanmasini naqd qiladi. Shu bois ham bu uchrashuv haqiqiy jangga aylanishi shubhasiz.
Yuqoridagi uchta guruhda 3-tur o‘yinlari 25-iyun kuni bo‘lib o‘tadi.

Jahon chempionatining “G” guruhida vaziyat o‘zgacha. Ayni damda Misr 4 ochko bilan yetakchilik qilmoqda. Eron va Belgiya 2 ochkodan jamg‘arib, kuchli uchlikdan o‘rin olgan. Yangi Zelandiya esa bir ochko bilan kurashni davom ettirmoqda. Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, Eron, Belgiya va Yangi Zelandiya termalari 3-turda g‘alaba qozonsa, pley-off ishtirokchisiga aylanadi. Shu bois ham so‘nggi turda Misr va Eron, Belgiya hamda Yangi Zelandiya o‘yinlari qiziqarli o‘tishi aniq.
“H” guruhida Ispaniya 4 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Urugvay va Kabo-Verde 2 ochkodan jamg‘arib, keyingi o‘rinlarda bormoqda. Saudiya Arabistoni esa 1 ochko bilan kuchli uchlikdan joy olish umidini saqlab qolmoqda.
Kabo-Verde so‘nggi turda saudiyalik futbolchilar bilan kuch sinashadi. Bu o‘yinda har ikkala jamoani faqat g‘alaba qoniqtiradi. Urugvay esa Ispaniya to‘sig‘idan o‘tishi lozim. Garchi ispanlarda pley-offga yo‘l olish imkoniyati yaxshi bo‘lsa-da, mag‘lubiyat ularni 3-o‘ringa tushirib yuborishi mumkin. Aslida favorit hisoblangan bu ikki jamoa uchun so‘nggi tur qiyin o‘tadi.

“I” guruhida barchasi kutilganidek bo‘ldi. Sababi, Fransiya va Norvegiya ikki g‘alaba evaziga bu tur yakuniga ko‘ra navbatdagi bosqich yo‘llanmasiga ega chiqdi. Senegal hamda Iroq hisobida esa hozircha ochko yo‘q.
3-turda favoritlar o‘zaro guruh peshqadamligi uchun o‘ynaydi. Autsayderlar esa 3 ochko ilinjida bellashadi.
“G”, “I” va “H” guruhlaridagi so‘nggi tur o‘yinlari ham bir kunda tashkil etiladi. Ushbu o‘yinlarga 26-iyun kuni guvoh bo‘lamiz.

Messining yaqin yillarda takrorlanmas rekordi qayd etilayotgan “J” guruhida Argentina 6 ochko bilan peshqadam bo‘lib turibdi. Ular ortidan Avstriya va Jazoir 3 ochko bilan bormoqda. Iordaniya ikki turda mag‘lub bo‘lib, guruhda qolib ketdi. Endi uchinchi turda argentinalik futbolchilar rasmiyatchilik uchun Iordaniya bilan to‘qnashadi. Biroq, Avstriya va Jazoir pley-off yo‘llanmasi uchun “jang” qiladi.

O‘zbekiston terma jamoasi joy olgan “K” guruhida Kolumbiya 6 ochko bilan peshqadam. Portugaliya 4 ochkoga ega bo‘lib turibdi, Kongo Demokratik Respublikasi 1 ochko bilan uchlikdan joy oldi. Mundialning navbatdagi bosqichiga yo‘l olgan kolumbiyalik futbolchilar 3-tur doirasida Portugaliya bilan to‘qnashadi. O‘zbekiston termasi esa Kongo bilan kuch sinashadi.
“L” guruhida Angliya va Gana ikkinchi tur yakuniga ko‘ra 4 ochko bilan karvonboshilik qilmoqda. Ularni Xorvatiya 3 ochko bilan ta’qib etmoqda. Panama esa ochkosiz turnir jadvalining quyi pog‘onasidan o‘rin olgan.

Ushbu guruhdagi pley-off uchun kurash 3-turda ham davom etadi. Unda Angliya – Panama, Xorvatiya – Gana bahslari tashkil etiladi. Ushbu uchrashuvlar pley-off yo‘llanmasi uchun kurashda muhim ahamiyat kasb etishi kutilmoqda.
Darvoqe, bu uchta guruhdagi bahslar 27-iyun kuni bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, JCH-2026da guruhlarda birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan jamoalar, shuningdek, uchinchi o‘rinni olgan eng yaxshi sakkizta terma jamoa pley-off bosqichiga yo‘l oladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
ЎзA