JCh-2026: Belgiya va Misr terma jamoalari ilk turda jangovar durang qayd etishdi
AQShning Sietl shahridagi "Lumen Field" stadionida bo‘lib o‘tgan uchrashuv 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlandi.
2026-yilgi jahon chempionati "G" guruhi 1-turidan o‘rin olgan bahsda Belgiya va Misr milliy terma jamoalari o‘zaro kuch sinashishdi. AQShning Sietl shahridagi "Lumen Field" stadionida bo‘lib o‘tgan uchrashuv 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlandi.
Uchrashuvda hisobni 19-daqiqada "fir'avnlar" ochishdi — yarim himoyachi Imom Ashur raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Unga bu vaziyatda jamoa sardori Muhammad Saloh golli uzatma yetkazib berdi. E’tiborlisi, misrlik ushbu yulduzli hujumchi 15-iyun kuni o‘zining 34 yoshini qarshi olgan edi.
"Qizil iblislar" ikkinchi bo‘limda muvozanatni tiklashga muvaffaq bo‘lishdi. Omadsiz vaziyatda Misr terma jamoasi himoyachisi Muhammad Xoni 66-daqiqada o‘z darvozasini ishg‘ol qilib qo‘ydi.
Shu tariqa, Belgiya va Misr terma jamoalari ilk turdan so‘ng bir xilda bir ochkodan jamg‘arishdi. Ushbu guruhning ikkinchi juftligida Eron va Yangi Zelandiya terma jamoalari maydonga tushishadi. Mazkur uchrashuv 16-iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 06:00 da start oladi.