JCH-2006. Avlodlar almashinuvi va Italiyaning uzoq kutilgan zafari
Germaniya yashil maydonlari mezbonlik qilgan mundial haqida 7ta qiziqarli fakt.
Mundial haqida TOP-7 qiziqarli fakt:
1. Noyob mundial
Ushbu Jahon Chempionatida o‘sha vaqtgacha «Oltin to‘p» sovrinini qo‘lga kiritib ulgurgan naqd 7 nafar futbolchi ishtirok etgan — Ronaldo, Zidan, Figu, Ouen, Nedved, Shevchenko va Ronaldino. Ularning barchasi uchun Germaniyadagi turnir faoliyatlaridagi so‘nggi JCHga aylandi. Aynan shu musobaqada keyingi ikki o‘n yillik davomida jahon futboli qiyofasini belgilab bergan yosh iqtidorlar sahnaga chiqishdi.
JCH-2006 quyidagi porloq yulduzlar uchun faoliyatlaridagi dastlabkisi bo‘ldi: Kelajakdagi «Oltin to‘p» sohiblari: Messi, Ronaldu va Modrich. Ispaniya terma jamoasining kelajakdagi «oltin avlodi»: Serxio Ramos, Inesta, Fabregas, Vilya, Fernando Torres. Kelajakdagi jahon chempionlari: Shvaynshtayger, Lam va Podolski. Shuningdek, Robben, van Persi, Sneyder, Kuyt, Drogba, Yaya Ture, Essen, Riberi, Petr Chex va Runi kabi afsonalar.
2. Mukammal himoya
Shveysariya terma jamoasi noyob rekord o‘rnatdi. Ular JCH tarixida asosiy va qo‘shimcha vaqtlarda biror marta ham gol o‘tkazib yubormasdan musobaqani tark etgan ilk va yagona jamoaga aylanishdi.Guruh bosqichida shveysariyaliklar Fransiya bilan durang o‘ynashdi (0:0), Togo (2:0) va Janubiy Koreyani (2:0) mag‘lub etishdi. 1/8 finalda Ukraina bilan ham 0:0 hisobini qayd etishdi, biroq penaltilar seriyasida 0:3 hisobida imkoniyatni boy berishdi. Qizig‘i, ular seriyada birorta ham zarbani golga aylantira olishmadi va JCH tarixida penaltilar seriyasida biror marta gol ura olmagan ilk jamoa sifatida ham antirekord o‘rnatishdi (ushbu antirekord JCH-2022da Ispaniya tomonidan takrorlandi).Ukraina terma jamoasi darvozaboni Aleksandr Shovkovskiy esa JCH tarixida penaltilar seriyasida o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan ilk golkiperga aylandi.
3. «Nyurnberg qirg‘ini»
Portugaliya va Niderlandiya o‘rtasidagi 1/8 final uchrashuvi haqiqiy «jang maydoni»ga aylanib ketdi. Rossiyalik hakam Valentin Ivanov futbolchilarga 16 ta sariq kartochka ko‘rsatdi, ularning teng yarmi 4 ta qizil kartochkaga aylandi. Bu JCH tarixidagi mutlaq rekorddir — bungacha hech bir o‘yinda 3 tadan ortiq chetlatish kuzatilmagandi. Ushbu bahs JCH-2006ning turnirlar tarixidagi eng qo‘pol musobaqa (jami 28 ta qizil kartochka) bo‘lishiga katta «hissa» qo‘shdi.
4. Lionel Messining rekordi
Serbiya va Chernogoriyaga qarshi o‘yinda 18 yoshu 357 kunligida zaxiradan maydonga tushgan Messi gol urdi va golli uzatmani amalga oshirdi. U Argentina terma jamoasi tarixida JCHlarda gol urgan eng yosh futbolchiga aylandi.
5. Italiya terma jamoasi haqida qiziqarli faktlar
Turnir davomida «Skuadra Adzurra» tarkibida 10 nafar turli futbolchi gol urdi. Bu JCH-1982dagi Fransiya rekordining takrori edi. Jamoa to‘purarlari esa atigi 2 tadan gol urgan hujumchi Luka Toni va himoyachi Marko Materatssi bo‘lishdi. Butun chempionat davomida italiyaliklar o‘z darvozalaridan atigi 2 ta to‘p o‘tkazib yuborishdi (avtogol va penaltidan). Bu o‘sha paytda JCH-1998dagi Fransiya rekordining takrori edi. Italiya o‘zining «penaltilar la’nati»ni yengib o‘tdi va finaldagi seriyada biror marta ham xatoga yo‘l qo‘ymadi. Bungacha ular JCH-1990, JCH-1994 va JCH-1998-yillarda aynan lotereya bahslarida yutqazishgandi. 1980-yilda Italiyada «Totonero» deb nomlangan yirik korrupsiya mojarosi kelib chiqib, «Milan» Seriya V ga ravona qilingandi. Oradan 2-yil o‘tib, hech kim ishonmagan terma jamoa JCHda g‘olib chiqdi. Xuddi shu ssenariy 2006-yilda ham takrorlandi. Bu safar «Kalchopoli» mojarosi tufayli «Yuventus» quyi ligaga tushirib yuborildi, terma jamoa esa yana barcha to‘siqlarni yengib, jahon kubogini boshi ustiga ko‘tardi.

6. Ronaldoning rekordi
Braziliyalik «Fenomen» Ronaldo 1/8 finalda Gana darvozasiga JCHlardagi o‘zining 15-golini urdi va Gerd Myullerning 32-yil davomida yangilanmay kelayotgan rekordini (14 gol) yangilab, o‘sha paytda turnir tarixidagi eng yaxshi to‘purarga aylandi.
7. Mojaroli final
Zinedin Zidanning faoliyatidagi so‘nggi uchrashuv dramatik yakun topdi. U finalda Marko Materatssining ko‘krak qismiga bosh bilan zarba bergani uchun maydondan chetlatildi. Yakunda Fransiya penaltilar seriyasida yutqazdi.
