Jazoni ijro etish muassasasidan qaytgan ayol ishga joylashdi
Andijon viloyati Jalaquduq tumani Oila va xotin-qizlar bo‘limi tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Ayol qadri va ayol uchun!” loyihasi doirasida turli tadbirlar, seminar va muloqotlar o‘tkazilib, opa-singillarimizni qiynayotgan qator muammolar bartaraf etilmoqda.
Tuman hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Zarduna Ismoilova, muvaffaqiyatli ish olib borayotgan tadbirkor ayollar ishtirokida tashkil etilgan amaliy seminar ham loyiha doirasidagi ishlardan biri bo‘ldi.
Seminarda og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni kasb-hunarga o‘rgatish, muammolarini hal etishga ko‘maklashish hamda tadbirkorlikka jalb etish masalalari muhokama qilindi. Har bir tadbirkor ayolga bir nafardan og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan, turmush sharoiti qiyin bo‘lgan xotin-qizlar biriktirildi. Endi tadbirkor ayollar o‘zlariga biriktirilgan xotin-qizlarga faoliyatlari yo‘nalishida ish o‘rgatib, ularning bandligini ta’minlashga, daromad topishlariga ko‘maklashadi.
Tadbir davomida jazoni ijro etish muassasasidan qaytgan bir nafar ayolga ham amaliy yordam ko‘rsatildi. Tuman oila va xotin-qizlar, Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari hamkorligida ana shu ayolning bandligi ta’minlandi, uning farzandlari esa bepul bog‘chaga joylashtirildi.

Umuman, “Ayol qadri va ayol uchun!” loyihasi xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning bandligini ta’minlash, turli muammolarini hal etishga, munosib turmush sharoitlarini yaratishga xizmat qilmoqda.
Ushbu loyiha doirasida og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan va boshqa ko‘plab xotin-qizlarning muammolari hal etilmoqda.
F.Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri