Jazoni ijro etish koloniyasida ma’naviy tadbir
Qashqadaryo viloyatida joylashgan N-sonli jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan yosh mahkumlar o‘rtasida “Yoshlar-bizning kelajagimiz” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad yosh mahkumlar o‘rtasida tartibbuzarlik va qayta jinoyat sodir etilishining oldini olish hamda yoshlar qalbida milliy g‘ururni shakllantirish, milliy urf-odatlarimiz, an’ana va qadriyatlarimizga bo‘lgan cheksiz hurmatni mustahkamlash, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni keng targ‘ib qilish, tinch-osuda hayotimizni qadrlash, mamlakatimizda barcha jabhalarda olib borilayotgan tub islohotlar natijasida yurtimizning gullab-yashnayotganligini tushuntirib, yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini yanada kuchaytirish hamda yosh mahkumlarning tuzalish yo‘liga o‘tishi uchun tarbiyaning yanada ta’sirchanligini va samarasini oshirishdir.
Tadbir karnay- surnay sadolari ostida boshlandi. Dastlab jazo muddatini o‘tayotgan yoshlar tomonidan qo‘l mehnati bilan tayyorlangan turli xildagi buyumlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
So‘ng barcha jazo muddatini o‘tayotgan yoshlar va Qashqadaryo viloyati oila va xotin qizlar boshqarmasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi hamda qator hamkor tashkilotlar hamkorligida yoshlar uchun madaniy-ma’rifiy tadbir uyushtirildi.
[gallery-15121]
Tadbirda yoshlarga oid davlat siyosatining o‘zi kelajak avlodga bo‘lgan yuksak e’tibordan dalolat ekanligi, qing‘ir yo‘llar bilan topilgan har qanday moddiy boylikning ortida javobgarlik muqarrarligi, har qanday jinoyat uchun jazo mavjudligi ta’kidlandi.
– Koloniyada jazo muddatimni o‘tash mobaynida kun tartibiga amal qilib, mehnatga vijdonan yondashib keldim, – deydi ko‘zida yosh bilan jazo muddatini o‘tayotgan Ozodbek Hoshimov. – Koloniyada o‘tkazilib kelingan kitobxonlik, zakovat va sport o‘yinlarida faol qatnashib, o‘zimning ijobiy ko‘rsatgichlarimga ega bo‘ldim. Biror marotaba tartibbuzarlik sodir etmadim. Namunali yosh bo‘lganim uchun bugun ota-onalarim qimmatbaho sovg‘a va tashakkurnoma bilan taqdirlanishdi. Ularga men bilan muddatidan oldin uchrashish huquqi berildi. Sog‘lom hayot tarzimga qaytganimdan so‘ng doim to‘g‘ri yo‘lda yuraman. Peshona terim bilan rizq topib yashashga harakat qilaman.
Shuningdek, koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan yosh mahkumlar uchun viloyat hokimligi, Qarshi maxsus prokuraturasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi, viloyat madaniyat boshqarmasi, viloyat yoshlar siyosati va sport boshqarmasi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi vakillari tomonidan tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan zamonaviy kitoblar jamlanmalari, futbol, voleybol va basketbol to‘plari va sport futbolkalari mahkumlar tomonidan foydalanishi uchun koloniya ma’muriyatiga taqdim etildi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari