“Jasorat maktabi” — intizom va mardlik sinovi
Sirdaryo viloyatida yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni turli salbiy illatlardan asrash hamda hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish maqsadida keng qamrovli “Jasorat maktabi” harbiy-vatanparvarlik o‘quv yig‘iniga start berildi.
Ushbu tashabbus Sirdaryo viloyat hokimligi, viloyat yoshlar ishlari boshqarmasi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, Mudofaa ishlari boshqarmasi, Guliston harbiy prokuraturasi hamda bir qator hamkor tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida ichki ishlar organlari profilaktik hisobida turgan, jinoyat sodir etishga moyil deb baholangan 100 nafar yosh Mirzaobod tumanida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining ixtisoslashtirilgan o‘quv markaziga yo‘naltirildi. Bu yerda ishtirokchilar nafaqat harbiy-vatanparvarlik mashg‘ulotlarida qatnashadi, balki harbiy xizmat tartibi bilan yaqindan tanishish, kasb-hunarga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish hamda xorijiy tillarni o‘rganish imkoniyatiga ham ega bo‘ladi.

Tashrif davomida yoshlar tibbiy ko‘rikdan qayta o‘tkazildi. Shuningdek, markazda yaratilgan zamonaviy infratuzilma, maxsus o‘quv poligonlari, harbiy texnika va jihozlar bilan yaqindan tanishib, harbiy tayyorgarlik jarayonlarini amalda kuzatdilar. Namoyish mashg‘ulotlarida tezkor harakatlanish, jamoada ishlash, favqulodda holatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish kabi muhim ko‘nikmalar amalda namoyon etildi.

Mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan suhbatlarda harbiy xizmatning mazmun-mohiyati, intizom, burch va mas’uliyat tushunchalari, shuningdek, jismoniy hamda ma’naviy tayyorgarlikning ahamiyati batafsil tushuntirildi. Bu esa yoshlarda nafaqat qiziqish uyg‘otdi, balki ularni aniq maqsad sari intilishga ham undadi.

Qayd etish joizki, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan “Jasorat maktabi” harbiy-vatanparvarlik o‘quv yig‘inlari mamlakatimizda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimining muhim bo‘g‘iniga aylanib ulgurgan. Ushbu loyiha orqali ishtirokchilar nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy ko‘nikmalarni ham egallab, kelgusida harbiy ta’lim muassasalariga kirishda muayyan imtiyozlarga ega bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritadilar.

– Ushbu o‘quv yig‘inidan asosiy maqsad yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning huquqiy savodxonligini oshirish hamda qiziqishlaridan kelib chiqqan holda to‘g‘ri yo‘naltirishdir. Shu asosda ishtirokchilar to‘rtta guruhga ajratilib, kasb-hunar va xorijiy tillarga o‘qitilmoqda, – deydi viloyat yoshlar ishlari boshqarmasi mas’ul xodimi Xoljigit Ortiqboyev.

Shuningdek, yig‘in jarayoniga turli kuch tuzilmalari va idoralar mutaxassislari jalb etilgan. Ular har biri o‘z yo‘nalishi bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazib, yoshlarga zarur tavsiya va maslahatlar bermoqda.
– Bu kabi yig‘inlar orqali yoshlarda harbiy hayot haqida dastlabki tushunchalar shakllantiriladi. Eng muhimi, har bir kuch tuzilmasi o‘z yo‘nalishidan kelib chiqib, amaliy ko‘nikmalarni o‘rgatadi, – deydi viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimi Bahrom Abdurashidov.
Yakunlangan mashg‘ulotlar ishtirokchilar qalbida Vatanga muhabbat, sadoqat, mardlik va jasorat kabi yuksak fazilatlarni yanada mustahkamlash, yurt tinchligi va xavfsizligi uchun mas’uliyat hissi bilan kamol topishlariga xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri