Janubda Qurolli Kuchlarimiz qudrati sharaflanmoqda
Surxondaryo viloyatida Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 33 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni keng nishonlandi.
Bayram tadbirlari erta tongda Termiz shahridagi Xotira maydonidan boshlandi. Harbiy orkestr musiqa sadolari ostida viloyat hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari, ofitserlar va serjantlar, Qurolli Kuchlarimiz faxriylari, keng jamoatchilik vakillari “Motamsaro ona” haykali poyiga gulchambarlar qo‘yib, Vatanimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligi yo‘lida jon fido qilgan mard, jasur o‘g‘lonlar xotirasini yod etdi.
Termiz shahridagi muhtasham San’at saroyida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda viloyat hokimi – Harbiy-ma’muriy sektor rahbari Ulug‘bek Qosimov ishtirokchilarni Vatan himoyachilari kuni bilan tabriklab, mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan islohotlar yurtimiz taraqqiyoti va xalqimizning tinch, to‘kin hayotini ta’minlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Tadbirda Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda xizmat burchini a’lo darajada bajarayotgan bir guruh osuda, osoyishta hayot posbonlari viloyat hokimining faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Qurolli Kuchlar orkestr va ansambllari jamoalari hamda taniqli san’atkorlarning Vatan, tinchlik va obod turmushni, sadoqat, jasorat va mehr-muhabbatni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlari barchaga bayram kayfiyatini ulashib, yurtimizdagi osuda va farovon hayotdan faxr-iftixor tuyg‘usini yanada yuksaltirdi.
[gallery-21249]
Viloyatda bayram tadbirlari davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri