Janubda Alisher Navoiyga ehtirom ko‘rsatilmoqda
Surxondaryo viloyatida buyuk mutafakkir, davlat arbobi Alisher Navoiy tavallud topgan kunning 581 yilligi keng nishonlanmoqda.
Shu munosabat bilan bugun erta tongdan adabiyotshunos olimlar, yozuvchi va shoirlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ta’lim muassasalarining fan o‘qituvchilari, o‘quvchi va talaba–yoshlar Termiz shahridagi Navoiy haykali yonida jamul-jam bo‘lib, g‘azal mulkining sultoniga chuqur hurmat-ehtirom ko‘rsatdi. Salobatli haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi.

Tantanali tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari I.Saparov, Termiz davlat universiteti rektori A.Maraximov, O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari M. Ollamurodov, Termiz tumanidagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi talabasi, qo‘shni davlatning Jauzjon viloyatilik Shikibo Samadiy va boshqalar keyingi yillarda Alisher Navoiy merosini o‘rganishga qaratilayotgan yuksak e’tibor, asarlarining mazmun-mohiyati va yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishdagi o‘rni, jahonning turli davlatlarida ulug‘ bobomiz ijodini o‘rganishga qiziqish ortib borayotgani haqida so‘z yuritdi.

Termiz shahridagi «San’at saroyi» da bo‘lib o‘tgan anjumanda Alisher Navoiyning nafis g‘azal va ruboiylari tahlil qilindi. Davlat arbobi sifatidagi xizmatlari alohida e’tirof etilib, adolat, diyonat va insof, xalq dardu-tashvishi bilan yashash kabi ezgu fazilatlari xususida fikr almashildi. Navoiy siymosi aks etgan sahna asarlaridan parchalar namoyish etildi. G‘azallari ifodali o‘qildi. Nafis kuy-qo‘shiqlar yangradi.

Viloyatdagi ta’lim muassasalari va boshqa davlat, nodavlat tashkilotlarda hazrat Navoiy tavallud topgan kunga bag‘ishlangan qiziqarli uchrashuv, davra suhbatlari va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar davom etmoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri