Jangchi, shoir, qahramon
Ruminiya va Polsha chegarasiga sanoqli kilometrgina bor.
9-may – Xotira va Qadrlash kuni
Qoʻshinlarimiz Ruminiyaga oʻtdilar. Nasib boʻlsa, yaqinda gʻanim tor-mor boʻladi. Oʻlmasak, koʻrisharmiz. Bu laʼnati kunlar baxtli kelajakning hazin ertagi boʻlib qolar. Qolgan soʻzlar diydorga qadar, koʻrishishga boqadir. Sizga abadiy baxt tilab, salom ila Burhon.
Ukraina. 7.04.1944-yil.”
Leytenant Burhon Tursunov maktubida niyat qilganidek, Ikkinchi jahon urushida tarixiy gʻalaba qozonildi. Ammo unga ona yurtiga qaytish nasib etmadi. Muzaffar kunlar yaqinlashib qolgan payt – 1945-yilning 12-aprelida Berlin uchun kechgan shiddatkor va olovli janglarning birida qahramonimiz 29 yoshida mardlarcha halok boʻldi. Biroq undan Vatan uchun fidoyilik, qahramonlik namunasi va noyob poeziya daftarchasi meros qoldi.
1916-yili Nurobod tumanidagi Jom qishlogʻida tugʻilgan Burhon Tursunov maktabda oʻrta maʼlumot olgach, 1933-yili hozirgi Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetiga oʻqishga kirdi. Bu dargohda u Sharof Rashidov, Asqad Muxtor, Amin Umariy, Oʻtkir Rashid, Nazarmat kabi umidli yozuvchi va shoirlar bilan birga taʼlim oldi. Zehni oʻtkir, tirishqoq talaba poeziyani sevgani uchun adabiy mashgʻulotlar, qizgʻin mushoira va munozaralarda faol qatnashdi.

– Men dorulfununda Burhon bilan birga, bir guruhda tahsil olganman, – deb yozadi oʻz xotiralarida qahramonimizning kursdoshi, tilshunos olim Hamdam Berdiyorov. – U klassik va jahon adabiyotining eng sara namunalarini tinmay mutolaa qilar, oʻzi ham poetik asarlar yozardi. Yosh shoir oʻzining butun borligʻini badiiy asarlar yaratishga va yosh avlodni bilimli qilishga bagʻishlash niyatida edi. Ammo u orzusiga yeta olmadi. Urush boshlanishi bilanoq, Kattaqoʻrgʻon tumanidagi oʻqituvchilik ishini tashlab, koʻngilli ravishda Vatan mudofaasiga otlandi. Oʻsha jangovar damlarda oʻzining Vatanga boʻlgan muhabbatini, dushmanga nafratini ashʼorlarida ifodaladi.
Ogʻir jang-jadallarda ham u oʻz qalamini tashlamadi, jangovar sheʼrlar yaratdi, gʻalabamizning muqarrarligi haqida bong urdi. Shoirning nazm daftarida ona Vatan, doʻstlik, birodarlik, mamlakatimizdagi buyuk oʻzgarishlar haqida samimiyat bilan yozilgan turkum sheʼrlar bor. Ulardan bir qismi 1961-yili “Yodgor” nomi bilan yaxlit toʻplam holida nashr etilgan.
Yovqurligi, jasorati, qahramonligi uchun 1-darajali “Shuhrat” ordeni va koʻplab medallar bilan taqdirlangan B. Tursunov Kiyev, Ternopol, Jitomir, Belo-Serkov, Vinnitsa, Kamenes-Podolskiy, Proskurov, Lvov, Peremishil, Krakov, Berlin va boshqa shaharlar uchun olib borilgan janglarda qatnashgan. Yakuniy gʻalabaga bor-yoʻgʻi 27 kun qolganda, 29 bahorini qarshilagan yoshgina Burhon 1945-yil aprelida Berlinning sharqi-janubidagi tepalikda dushman dzotini birinchi boʻlib chiqib portlatdi va oʻzi shu onda mardona halok boʻldi. Berlin yaqinidagi Zeyelov shahri asosan tepaliklardan iborat boʻlib, uni ishgʻol etishda qariyb 32 ming askar qurbon boʻlgan. Nihoyat, 27-aprel kuni Zeyelov shahri hududi, binolari toʻliq sovet askarlariga oʻtdi.
Boʻz yigit urushda qon kechib, sheʼrlar yozdi, olis yurtlarda Vatan deb jon berdi. Shoir sevgan Salomat ismli qizning qalbi esa sevgani bilan Germaniya tepaliklarida qoldi. Chunki u hech qachon boshqa insonga koʻngil bera olmay, bir umr Burhonning yodi bilan oʻtdi. Jangchi shoirning qabri Germaniyada boʻlgan, urushdan keyin ushbu qabrlar Polsha hududiga qayta dafn etilgan. Ikkinchi jahon urushida qatnashgan jomlik yigitning xoki Polshaning Novaya Serekvya degan qabristonidan oʻrin olgan.
Xalqimiz oʻzining mard va qahramon farzandlarini hech qachon unutmaydi. Jangchi shoir, qahramon Burhon Tursunovning nomini abadiylashtirish, porloq xotirasiga hurmat bajo keltirish maqsadida Jom qishlogʻidagi 22-umumtaʼlim maktabiga uning nomi berilgan. Maktab hovlisida qad rostlab turgan salobatli byust vatanparvar shoirning mangu tirikligidan dalolat berib turibdi.
“Vatanparvar” gazetasi muxbiri
Dilshod ROʻZIQULOV
OʻzA uchun maxsus tayyorladi