Jangchi bobo ko‘ksidan partiya nishoni ham joy oldi
9 may – Xotira va qadrlash kuni
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Navoiy viloyati Kengashi tomonidan 9 may – Xotira va qadrlash kuni arafasida Navbahor tumani “Ko‘hron” mahallasida yashovchi ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Bafo bobo Bahromov xonadonida avlodlar uchrashuvi tashkil etildi.
O‘tganlar xotirlanib, faxriylar yo‘qlanib, holidan xabar olinayotgan shu kunlarda mazkur uchrashuv “Ziyorat karvoni” loyihasi doirasida tashkil etildi. Uchrashuvda yurtimizda hukm surayotgan tinchlikning qadriga yetish, yosh avlodni xalqimizning milliy qadriyat va an’analariga sadoqat ruhida tarbiyalash xususida so‘z bordi.
Bafo bobo 96 yoshda. bugungi dorilomon kunlarga yetkazganiga shukrona keltirib, nevara-yu chevaralar qurshovida umrguzaronlik qilmoqda. Yoshlar bilan uchrashuvda bobo urush xotiralarini shunday eslaydi:
– Urushning insoniyat boshiga keltirgan kulfatlarini sanab ado etish qiyin. Oradan shuncha yillar o‘tib ketgan bo‘lsa-da, qaqshatqich jang xotiralari dilimdan o‘chmaydi. Esimda. Frontga otlanganimda hali yigirmaga ham kirmagandim. Belarus frontida snayperchi bo‘lib jang qildim. Janglarning birida nemislarning katta guruhini yengib, ularning aksariyatini asir olganmiz. Asirlardan olingan ma’lumotlar otryadimizning oldinga ildamlashida qo‘l kelgan. Urushdan keyin yana besh yil xizmat qildim. Vayronaga aylangan yurtlarda talafot oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etdim.
Yoshligidan shifokor bo‘lishni orzu qilgan B.Bahromov urushdan keyin Dushanbe shahrida tibbiyot sohasida tahsil oldi va uzoq yillar davomida el salomatligini saqlash yo‘lida mehnat qildi.
– bugungi dorilamon kunlarning qadriga yetish kerak, bolalarim, – deydi bobo. – Prezidentimiz tomonidan bizlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan boshim osmonga yetdi. Bunday e’tibor umrimizni yanada uzaytiradi.
Tadbir so‘ngida Bafo bobo Bahromov partiya safiga qabul qilinib, uning ko‘ksidagi jangovar orden-medallar qatoridan partiya nishoni ham o‘rin oldi.
Shuningdek, partiya faollari Xatirchi tumanidagi Uchqora qishlog‘ida yashovchi ikkinchi jahon urushi qatnashchisi – 5 may kuni 101 yoshni qarshi olgan Bekbo‘ta bobo Shomurotov xonadoniga ham ko‘ngil so‘rab bordi.
– Uyimga yo‘qlab kelganingizdan juda ham xursand bo‘ldim, katta rahmat, – deydi samimiy suhbat chog‘ida Bekbo‘ta bobo to‘lqinlanib. – Endi bizning chekimizga shunday og‘ir va dahshatli kunlarni ko‘rish tushgan ekan. Qonli janglarda shahid ketgan quroldosh do‘stu tengqurlarimni doim eslayman. Ikkinchi jahon urushida butun yer yuzida 110 million nafardan ortiq kishi ishtirok etgan bo‘lsa, ularning 60 millioni halok bo‘lgan. Ilohim, hech qachon urush bo‘lmasin. Yurtimiz gullab-yashnayversin.
Uchrashuvlar chog‘ida nuroniy otaxonlarga O‘zMTDP Markaziy kengashining esdalik sovg‘alari topshirildi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA