Jamoatchilik eshituvi: muammolar, vazifalar, rejalar
Andijonda viloyatdagi ko‘p xonadonli uylarni ta’mirlash hamda ularga tutash hududlarda umumiy foydalanishdagi infratuzilma ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar ijrosiga bag‘ishlangan jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi.
Mazkur tadbir “Fuqarolik jamiyati haftaligi” doirasida “Yuksalish” harakati Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi, viloyat hokimligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi, Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondining Andijon viloyati bo‘linmasi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi hamda Xalq deputatlari viloyat kengashi kotibiyati hamkorligida tashkil etildi. Unda mutasaddi davlat tashkilotlari vakillari, mahalliy kengash deputatlari, ekspertlar va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi.
Jamoatchilik eshituvida Prezidentimizning joriy yil 5-fevraldagi “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori doirasida ko‘p xonadonli uylarni ta’mirlash dasturining ijrosi, moliyalashtirish masalalari va amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot tinglandi. Shuningdek, qaror ijrosi holati bo‘yicha o‘tkazilgan jamoatchilik monitoringi natijalari taqdim etildi.
[gallery-32139]
2026-yilda Andijon viloyati tuman va shaharlarida respublika byudjetidan 41 milliard 192 million so‘m mablag‘ ajratilishi hisobiga ko‘p xonadonli uylarni ta’mirlash va ularga tutash hududlarda infratuzilma ob’ektlarini barpo etish belgilangan.
Xususan, 52 ta bolalar maydonchasini qurish, 11 895 pogon metr irrigatsiya tarmoqlarini barpo etish, 34 ming kvadrat metr yo‘laklarni betonlash hamda 24 ta umumiy foydalanishdagi hojatxona qurish rejalashtirilgan.
“Yuksalish” harakati Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi tomonidan dastur ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan jamoatchilik monitoringida Andijon, Izboskan va Oltinko‘l tumanlaridagi jami 22 ta ko‘p xonadonli uy va ularga tutash hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar bevosita joyiga chiqqan holda o‘rganildi.
– Monitoring natijalariga ko‘ra, dastur doirasida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, ijobiy natijalarga erishilgan bo‘lsa-da, ayrim ob’ektlarda ishlar hali boshlanmagan, – deydi “Yuksalish” harakati Andijon viloyat bo‘linmasi rahbari Diyorbek Turg‘unov. – Qolaversa, o‘rganishlar davomida tasdiqlangan manzilli ro‘yxat bilan amalda bajarilayotgan ishlar o‘rtasida tafovutlar mavjudligi ham aniqlandi. Shuningdek, aholining ayrim infratuzilma ob’ektlariga bo‘lgan ehtiyojlarini o‘rganish bo‘yicha qo‘shimcha so‘rovlar o‘tkazish zarurligi ham ma’lum bo‘ldi.
Jamoatchilik eshituvi davomida monitoring natijalari taqdim etilib, aniqlangan muammolar va ularning yechimlari muhokama qilindi. Xususan, ishlar boshlanmagan ob’ektlar bo‘yicha mas’ul tashkilotlar va ijro muddatlarini belgilash, qurilish sifati va xavfsizligini nazorat qilish, infratuzilma ob’ektlarining manzilli ro‘yxatini shakllantirishda aholi va mahalla faollari takliflarini inobatga olish hamda qurilgan ob’ektlarni saqlash uchun mas’ullarni belgilash zarurligi ta’kidlandi.
Jamoatchilik eshituvi yakunida bildirilgan taklif va tavsiyalarni umumlashtirish hamda aniqlangan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilash yuzasidan fikrlar bildirildi.
Ishtirokchilar mavzu doirasida o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutasaddi va mutaxassislardan batafsil javoblar oldi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari.