Jahon savdosi va logistika: Markaziy Osiyo uchun qanday yangi imkoniyatlar ochilmoqda?
Geosiyosiy beqarorlik va savdo siyosatidagi o‘zgarishlarga qaramay, jahon savdosida o‘sish tendensiyasi saqlanib qolmoqda. Binobarin, ayni jarayonda mahsulot yetkazib berish yo‘nalishi, logistika zanjiri barqarorligi va muqobil transport yo‘laklariga ehtiyoj tobora muhim ahamiyat kasb etyapti.
Jahon savdo tashkiloti 9-sentabr kuni e’lon qilgan ma’lumotga ko‘ra, tovar savdosi barometri 102 punktni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich uzoq muddatli tendensiyadan yuqori bo‘lib, jahon savdosida ijobiy o‘sish sur’ati saqlanayotganini ko‘rsatadi. Konteyner tashuvi indeksi esa 99,6 punkt darajasida qayd etilgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Savdo va taraqqiyot konferensiyasi hisobotida ham shunday o‘sish qayd etilgan. 2026-yil birinchi yarmida jahon tovar savdosi qiymati qariyb 13,7 trillion dollarga yetgan va yillik 12,5 foiz oshgan. O‘sishning salmoqli qismi narx ko‘tarilishi hisobiga to‘g‘ri kelgan.
Transport va logistika sohasidagi vaziyat savdo jarayoniga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Xususan, Hurmuz bo‘g‘ozi orqali tashuvda yuzaga kelgan uzilish energiya resursi, transport xizmati va logistika xarajatiga ta’sir qilgan. Bu holat ishlab chiqarish qiymatiga bosim o‘tkazishi mumkin.
Shimoliy dengiz: yangi yo‘nalishga qiziqish ortmoqda
Biznesdagi muammo faqat tashuv xarajatini kamaytirish bilan cheklanmayapti. Ta’minot zanjirining tashqi ta’sirga bardoshliligi ham muhim mezonga aylanmoqda. Jahon savdosi asosan muayyan yirik dengiz yo‘llari va portlarga tayanadi. Shu bois har qanday mojaro, tashuvga qo‘yiladigan cheklov yoki boshqa tashqi omil butun logistika zanjiriga ta’sir etadi.
Shu nuqtai nazardan so‘nggi yillarda an’anaviy dengiz yo‘nalishlariga qo‘shimcha hisoblanadigan transport marshrutlariga qiziqish kuchaymoqda. Shimoliy dengiz yo‘li ham shunday yo‘nalish.
9-sentabr kuni Xitoy va Yevropa o‘rtasidagi yangi mavsumiy Arktika konteyner tashuvi doirasida ilk reys yo‘lga chiqqani ma’lum qilindi. “Seatrade Maritime News” xabar berishicha, “Dubai Tower” konteyner kemasi 15-avgust kuni Xitoyning Ninbo shahridagi portdan yo‘lga chiqib, 25 kundan so‘ng Buyuk Britaniyaga yetib borgan.
“Sea Legend” kompaniyasi tomonidan “China Arctic Express” loyihasi doirasida amalga oshirilgan mazkur amaliyot mavsum davomida jami 8 reysni nazarda tutadi. Tashuv haftalik oraliqda tashkil etiladi.
Shimoliy dengiz yo‘lining asosiy afzalligi masofa bilan bog‘liq. “Rosatom” ma’lumotiga ko‘ra, Shimoliy dengiz orqali Shanxaydan Gamburggacha 7 300, Pusan va Rotterdam o‘rtasidagi masofa 7 500 dengiz mili. Ushbu yo‘nalishlar mos ravishda Suvaysh kanali bo‘ylab 10 800 va 11 000, Yaxshi umid burni orqali esa 14 000 va 14 500 milga yetadi.
Janubiy Koreyaning “PanStar Acro” kompaniyasi ham avgust oyida Shimoliy dengiz yo‘lida sinov reysi amalga oshirdi. Pusandan chiqqan kema 12-sentabr kuni Buyuk Britaniyaning Felikstou portiga 21 kunlik safardan so‘ng yetib borgan. “Bloomberg” ma’lumotiga ko‘ra, tashuvchi kompaniya kelasi yil Arktika bo‘ylab 3 tagacha reys amalga oshirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Shimoliy dengiz yo‘li rivojlanishi tabiiy va texnik omillarga ham bog‘liq. Muzlik sharoiti, kemalarning texnik imkoniyati hamda muz yorar kemalar yordami tashuvni tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
2025-yil ushbu yo‘nalish orqali tashilgan yukning umumiy miqdori 37,02 million tonnani tashkil etgan. Shundan 3,2 million tonnasi tranzit hisobiga to‘g‘ri kelgan. Mazkur ko‘rsatkich Shimoliy dengiz yo‘lida tranzit tashuvi hajmi bo‘yicha rekord natija hisoblanadi.
Markaziy Osiyo uchun raqobat emas, muqobil yo‘nalishlar zarur
Shimoliy dengiz yo‘lini Markaziy Osiyo uchun alohida va raqobatchi emas, balki Yevrosiyoda shakllanayotgan keng transport tizimining bir qismi sifatida baholash mumkin. Xitoy va Yevropa o‘rtasida qo‘shimcha marshrutlar paydo bo‘lishi tashqi savdo ishtirokchilari uchun yo‘nalish tanlash imkoniyatini kengaytiradi.
“Ma’no” tadqiqot tashabbuslari markazi direktori, siyosatshunos Baxtiyor Ergashev ta’kidlashicha, mintaqadagi quruqlik transport yo‘laklari va Shimoliy dengizni bir-birini to‘ldiruvchi muqobil yo‘nalishlar sifatida ko‘rish lozim. Tashish ko‘lami va imkoniyati jihatidan Transsibir magistrali esa mintaqadagi quruqlik yo‘laklariga yaqinroq.
– Yukning muayyan qismi quruqlik transport yo‘laklari orqali tashiladi, –deydi Baxtiyor Ergashev. – Bu hajm hozir Suvaysh kanali orqali tashilayotgan yukning hatto o‘ndan biriga ham yetmaydi. Eng yaxshi holatda Markaziy Osiyo davlatlari orqali o‘tadigan quruqlik transport yo‘laklari qariyb 100 million tonna tranzit yuk tashishi mumkin. Mintaqa uchun bu yaxshi natija, ammo jahon savdosi miqyosida katta ko‘rsatkich emas.
Shuning uchun men bu yo‘nalishlar o‘rtasida raqobatni ham, Shimoliy dengiz yo‘li orqali muntazam tashuv boshlanishi tufayli Markaziy Osiyo davlatlari jiddiy yo‘qotishga duch kelishini ham ko‘rmayapman. Eng muhimi – quruqlik transport yo‘laklarini rivojlantirish strategiyasini amalga oshirishda davom etish. Avvalo Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘lini qurib bitkazish kerak. Ushbu loyiha juda istiqbolli. Ayniqsa Transafg‘on yo‘nalishi bo‘yicha ish davom ettirilsa, kelgusida Transiran yo‘nalishi bo‘yicha ham ish olib borilsa...
Sharqdan g‘arbga va shimoldan janubga yo‘nalgan quruqlik transport yo‘laklari tarmog‘ini rivojlantirish ham keng ko‘lamli strategiya sifatida juda muhim. Bu jarayogn albatta samara beradi. Shimoliy dengiz yo‘lining o‘z istiqboli, rejasi, rivojlanish strategiyasi bor. Bularning bari ulkan Yevrosiyoda yuk tashish qiymatini kamaytirishga xizmat qiladi. Ehtimol, bu ham biznes sektori, ham hukumat intiladigan asosiy maqsaddir.
Shu ma’noda Markaziy Osiyo uchun asosiy vazifa muayyan bir yo‘nalishni tanlash emas, balki Yevrosiyo transport tarmog‘iga ulanish imkoniyatini kengaytirishdir. Shimoliy dengiz yo‘li, Transsibir magistrali va mintaqa orqali o‘tuvchi quruqlik yo‘laklari bir vaqtda rivojlanishi tashuv imkoniyatini kengaytirib, logistika xarajatini kamaytiradi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA sharhlovchisi
G‘X.