Jahon chempioni Sirdaryoda tantanali kutib olindi
Sirdaryo viloyati sporti tarixiga yana bir yorqin sahifa qo‘shildi. Taekvondo bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida oltin medalga sazovor bo‘lgan Yosinbek Odilov Guliston shahridagi o‘zi tahsil olgan sport muassasasida tantanali ravishda kutib olindi.
Guliston olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida tashkil etilgan marosim ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Unda sportchilar, murabbiylar, talaba-yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etib, yosh chempionni samimiy qarsaklar va ezgu tilaklar bilan qarshi oldilar.
Tadbirda so‘zga chiqqan mas’ullar Yosinbek Odilovning yutug‘ini yuksak baholab, uning g‘alabasi ortida uzoq yillik mashaqqatli mehnat, izchil tayyorgarlik va mustahkam iroda mujassam ekanini ta’kidladilar. Qayd etilganidek, bu kabi natijalar mamlakatimizda yoshlar sportiga qaratilayotgan e’tiborning amaliy samarasidir.
Ma’lumki, Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan “Toshkent–2026” taekvondo bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida -48 kg vazn toifasida bahs olib borgan sirdaryolik sportchi barcha raqiblarini mag‘lub etib, oltin medalga ega chiqdi. Final uchrashuvida u O‘mon vakili Dovud Al-Yusufiyga qarshi tatamiga chiqib, 2:0 (5:1, 11:9) hisobida ishonchli g‘alaba qozondi.
– Bu g‘alaba osonlik bilan qo‘lga kiritilmadi. Uning ortida yillar davomida qilingan mashaqqatli mehnat, tinmay olib borilgan mashg‘ulotlar va sinovli kunlar turibdi. Eng avvalo, menga doimiy ishonch bildirib, qo‘llab-quvvatlab kelgan ustozlarim va yaqinlarimdan cheksiz minnatdorman. Ularning ishonchi va duolari menga kuch va ilhom bag‘ishladi. Har bir yutug‘imda ularning ulushi beqiyos, – deydi jahon chempioni Yosinbek Odilov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri