Jahon chempioni Dilshod Mansurovning e’tirofi
Samarqand shahrida 2002-2004 yillarda tug‘ilgan yoshlar o‘rtasida erkin va yunon-rum kurashi bo‘yicha o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionati yakunlandi.
To‘rt kun davom etgan chempionatning dastlabki ikki kuni yunon-rum, uchinchi va to‘rtinchi kunlari esa erkin kurash bo‘yicha 10 vazn toifasida g‘olib hamda sovrindorlar aniqlandi.
Musobaqalarni bevosita kuzatib borgan terma jamoa murabbiylari, taniqli kurashchilar yosh sportchilarning iqtidoriga yuqori baho bergan holda terma jamoaga jalb etiladigan nomzodlarni aniqladi.

- Bahslarni murabbiy sifatida bevosita kuzatib bordik. E’tiborlisi, ushbu yosh toifasida bir qator kuchli sportchilar kamolga yetayotganligini ko‘rdik. Terma jamoalarimiz uchun munosib nomzodlar tarbiyalanayotganligidan xursandmiz. Ayniqsa, chempionlikka erishgan Arslon Rahimov, Shohruh Jo‘rayev, Hojiakbar Abduqahhorov, Ravshan Jumaboyev, Mirshod Ergashev kabi yosh kurashchilarning mahorati murabbiy sifatida menda yaxshi taassurot qoldirdi. Ushbu yoshlarning texnik-taktik tajribasi yanada oshirilsa, ular xalqaro maydonda yuksak natijalar qayd etishi shubhasiz, - deydi erkin kurash bo‘yicha ikki karra jahon chempioni, murabbiy Dilshod Mansurov.

Murosasiz bahslar natijasiga ko‘ra, chempionat medallarini qo‘lga kiritishda Toshkent shahri, Buxoro, Samarqand, Toshkent, Navoiy, Andijon, Sirdaryo viloyati vakillari yetakchilik qildi. Bu ushbu mintaqalarda murabbiylarning ish faoliyati samarali kechayotganligini ko‘rsatdi.
O‘zbekiston chempionatining g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan diplom, medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA