Jahon chempionati tarixi. Shveysariya-1954
Musobaqada dunyoning eng kuchli 16ta terma jamoasi chempionlik uchun bahslarga kirishgan.
Joriy yilning iyun-iyul oylarida AQSH, Meksika va Kanada yashil maydonlarida jahon chempionati bahslari bo‘lib o‘tadi. Mundial startiga qadar turnir tarixi bilan tanishing Shveysariya-1954.
Shveysariyaning 6ta shahri 1954-yilda jahon chempionati bahslariga mezbonlik qilgan. Turnir 16-iyundan start olgan va 4-iyul kuni yakuniga yetgan. Musobaqada dunyoning eng kuchli 16ta terma jamoasi chempionlik uchun bahslarga kirishgan. Musobaqada jamoalar 4 guruhga bo‘lingan holda bellashgan. 1-guruhdan Braziliya, Yugoslaviya, Fransiya hamda Meksika terma jamoalari joy olgan. 2 tur yakunlariga ko‘ra, Braziliya va Yugoslaviya terma jamoalari keyingi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan. 2-guruhdan G‘arbiy Germaniya, Janubiy Koreya, Turkiya va Vengriya terma jamoalari o‘rin egallagan bo‘lib, uchrashuvlardan so‘ng nemislar va Vengriya keyinga bosqichga yo‘l olgan. 3-guruhni esa Urugvay, Avstriya, Chexiya hamda Shotlandiya terma jamoalari band etgan. Bu guruhda Urugvay va Avstriya qolganlarga imkon qoldirmay musobaqadagi yurishini davom ettirgan. So‘nggi guruhdan esa Angliya, Italiya, Belgiya va mezbon Shveysariya terma jamoalari joy olgan bo‘lib, inglizlar va mezbonlar guruh bosqichi yakunlariga ko‘ra, keyingi bosqichga chiqishgan.

Chorak finalda Germaniya terma jamoasi Yugoslaviyani 2:0 hisobida mag‘lub etgan. Gollar shousiga aylangan ikkinchi chorak final o‘yinida esa Avstriya Shveysariyadan 7:5 hisobida ustun kelib, yarim finalga yo‘l olgan. Ushbu bosqichdagi navbatdagi ikkita o‘yinda esa Vengriya Braziliyani, Urugvay esa Angliya 4:2 hisobida taslim etib, musobaqadagi yurishini davom ettirgan. Yarim finalni G‘arbiy Germaniya va Avstriya uchrashuvi boshlab bergan. Bellashuvda nemislar yirik 6:1 hisobida raqibini tor-mor etib, final yo‘llanmasiga ega chiqqan. Ikkinchi yarim final o‘yinida esa Vengriya va Urugvay terma jamoalari maydonga tushgan. Bahsda Yevropaliklarning qo‘li baland kelgan 4:2. Bronza medallari uchun kechgan uchrashuvda Urugvay Avstriyaga 1:3 hisobida mag‘lub bo‘lgan va "qizillar" turnirning bronza medallari bilan taqdirlangan. Murosasiz o‘tgan final bellashuvida esa G‘arbiy Germaniya terma jamoasi qiyinchilik bilan Vengriyani 3:2 hisobida mag‘lub etib, o‘z tarixida ilk bor jahon chempionligini qo‘lga kiritgan.

Musobaqada davomida umumiy 24ta o‘yinda 140ta gol urilgan. Turnirda vengriyalik Sandor Kosshish 11ta gol bilan to‘purarlikni qo‘lga kiritgan.