Jahon chempionati: Ispaniya yarim finalda Fransiyaga qarshi maydonga tushadi
AQSH, Kanada va Meksika mezbonligida o‘tayotgan 2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatining chorak finalidan o‘rin olgan Ispaniya – Belgiya uchrashuvi Los-Anjeles shahridagi "SoFi Stadium" o‘yingohida bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvning 30-daqiqasida Tibo Kurtua qaytargan to‘pni Fabian Ruis aniq zarba bilan darvozaga yo‘llab, hisobni ochdi. Belgiyaliklar esa 41-daqiqada javob qaytardi. Sharl de Ketelare bosh bilan yo‘llagan zarbasi orqali hisobni tenglashtirdi. Bu gol Ispaniya terma jamoasining mazkur mundialda o‘tkazib yuborgan ilk goli bo‘ldi.

Ikkinchi bo‘limda Belgiya uchun noxush holat yuz berdi. Jamoa sardori va asosiy darvozaboni Tibo Kurtua 70-daqiqada jarohat tufayli maydonni tark etdi. Uning o‘rniga maydonga tushgan Senne Lammens uchrashuv so‘ngida xatoga yo‘l qo‘ydi. Ushbu vaziyatdan unumli foydalangan Mikel Merino 88-daqiqada g‘alaba golini kiritib, Ispaniyaga 2:1 hisobidagi muhim zafarni taqdim etdi.
Mazkur natijadan so‘ng Ispaniya terma jamoasi Jahon chempionatining yarim finaliga yo‘l oldi. Endi ispanlar final yo‘llanmasi uchun Fransiya terma jamoasi bilan kuch sinashadi. Ispaniya – Fransiya o‘rtasidagi yarim final bahsi mamlakatimiz vaqti bilan 15-iyul kuni soat 00:00 da Dallas shahridagi "Dallas Stadium" o‘yingohida bo‘lib o‘tadi.
Ma’lumot uchun, 11-iyuldan 12-iyulga o‘tar kechasi yana ikki chorak final uchrashuvi o‘tkaziladi. Mayami shahridagi «Mayami» stadionida Norvegiya va Angliya terma jamoalari o‘zaro kuch sinashadi. Yana bir chorak final bahsi «Kanzas-Siti» stadionida Argentina va Shveysariya terma jamoalari ishtirokida o‘tkaziladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA