"Jahon chempionati-2026": Argentina chempionlikni qanchalik himoya qila oladi?
Futbol bo‘yicha 2026-yilgi Jahon chempionatiga sanoqli kunlar qolar ekan, mutaxassislar va muxlislar e’tibori amaldagi Jahon chempioni — Argentina milliy terma jamoasiga qaratilmoqda. Lionel Skaloni boshchiligidagi jamoa to‘rt yil avval Qatarda qo‘lga kiritilgan chempionlikni himoya qilish vazifasi bilan mundialga yo‘l olmoqda. Argentina bu gal ham bosh sovrin uchun asosiy da’vogarlar qatorida sanaladi.
Shuningdek, mundial arafasida eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzulardan biri Lionel Messining ishtiroki bo‘lmoqda. Argentina sardori Jahon chempionatlari tarixidagi rekordni takrorlab, o‘z faoliyatidagi oltinchi mundialda qatnashadi. Mutaxassislar qayd etayotganidek, 2022-yilgi chempionlikdan so‘ng Messiga bo‘lgan bosim ancha kamaygan. Endi u nafaqat jamoa yetakchisi, balki yosh avlod uchun tajriba va ilhom manbai sifatida ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ko‘plab xalqaro nashrlar esa ushbu mundialni uning so‘nggi Jahon chempionati sifatida ham baholamoqda.

Skaloni e’lon qilgan yakuniy tarkibda “Qatar-2022” chempionlarining asosiy o‘zagi saqlab qolingan. Emiliano Martines, Rodrigo De Paul, Aleksis Makallister, Enso Fernandes, Lautaro Martines va Xulian Alvares kabi futbolchilar yana milliy jamoa sharafini himoya qiladi. Shu bilan birga, Nikolas Pas, Valentin Barko va Juliano Simeone singari yosh iste’dodlar ham tarkibdan joy olgan.
Jahon chempionatida argentinaliklar “J” guruhidan o‘rin olgan bo‘lib, Jazoir, Avstriya va Iordaniya terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi. Guruh ishtirokchilarining mundialgacha bo‘lgan yo‘li ham turlicha kechgan.

Xususan, Argentina terma jamoasi KONMEBOL saralash bosqichida 38 ochko jamg‘arib, mundial yo‘llanmasini ishonchli tarzda qo‘lga kiritdi. Shu tariqa jamoa o‘z tarixida 19-marta Jahon chempionati final bosqichida ishtirok etadi. Argentinaliklar bugunga qadar uch marta Jahon chempioni bo‘lgan bo‘lsa, ikki bor kumush medal sohibiga aylangan.
Jazoir milliy terma jamoasi Afrika saralash bosqichining “G” guruhida 25 ochko to‘plab, birinchi o‘rinni egalladi va mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Shu tariqa shimoliy afrikaliklar o‘z tarixida beshinchi marta Jahon chempionatida ishtirok etadi. Qiziq jihati, Jazoir 1966-yil Angliyada o‘tgan mundialda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lgan bo‘lsa-da, siyosiy sabablarga ko‘ra musobaqada qatnashmagan.

Iordaniya milliy terma jamoasi esa Osiyo saralash bosqichini muvaffaqiyatli yakunlab, o‘z tarixida ilk bor Jahon chempionati final bosqichiga yo‘l oldi. Bu natija mamlakat futboli tarixidagi eng yirik yutuq sifatida baholanmoqda.
“J” guruhidagi yana bir da’vogar — Avstriya terma jamoasi Yevropa saralash bosqichining “H” guruhida 19 ochko to‘plab, mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Shu tariqa avstriyaliklar Jahon chempionati final bosqichida sakkizinchi marta ishtirok etadi. Jamoaning eng yaxshi natijasi 1954-yilda qo‘lga kiritilgan bronza medali hisoblanadi.

Tarixiy manbalarga ko‘ra, Avstriya 1938-yilgi Fransiyada o‘tkazilgan Jahon chempionatiga ham yo‘l olgan. Biroq, mamlakatning Germaniya tomonidan qo‘shib olinishi — Anshlyus voqeasi sababli terma jamoa musobaqada ishtirok etmagan. Natijada bir qator avstriyalik futbolchilar Germaniya terma jamoasi safida mundial bahslarida maydonga tushgan.
“J” guruhi uchrashuvlari 16–27-iyun kunlari o‘tkaziladi:
16-iyun: Argentina — Jazoir (“Arrowhead Stadium”, Kanzas-Siti)
16-iyun: Avstriya — Iordaniya (“Levi’s Stadium”, Santa-Klara)
22-iyun: Argentina — Avstriya (“AT&T Stadium”, Arlington)
22-iyun: Iordaniya — Jazoir (“Levi’s Stadium”, Santa-Klara)
27-iyun: Jazoir — Avstriya (“Arrowhead Stadium”, Kanzas-Siti)
27-iyun: Iordaniya — Argentina (“AT&T Stadium”, Arlington)
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA