Jahon Chempionati-1998. Buyuk fransuz inqilobi
Ushbu mundialda mamlakatimiz jamoasi tarixda ilk bor JCH saralashida ishtirok etdi.
Turnir haqida top-14 fakt

1. Ishtirokchilar sonining kengaytirilishi
Musobaqaning final bosqichida ilk bor 24 ta emas, balki 32 ta terma jamoa ishtirok etdi.
2. «Oltin gol» qoidasi
Pley-off uchrashuvlarida agar asosiy vaqtda durang qayd etilsa, o‘yin qo‘shimcha vaqtda kiritilgan birinchi golgacha davom etar va shundan so‘ng bahs nafsilamr tugar edi.Loran Blan JCH tarixidagi ilk «oltin gol»ni kiritdi — u 1/8 finalda Paragvay darvozasini ishg‘ol qildi. Ushbu turnirda bu yagona «oltin gol» bo‘lib qoldi.
3. Orqadan podkat tashlashning taqiqlanishi
Bunday harakatlar qo‘pol va xavfli o‘yin deb baholanadigan bo‘ldi va buning uchun futbolchi to‘g‘ridan to‘g‘ri maydondan chetlatilar edi.
4. Uchta o‘zgarish qoidasiIlgari o‘yin davomida faqat ikkitagina almashtirishni amalga oshirishga ruxsat berilgan edi.
5. Zaxira hakamlari uchun elektron tablolar
JCH-1998 musobaqasida zaxira hakamlari almashtirishlar va kompensatsiya qilingan (hakam tomonidan qo‘shib berilgan) vaqtni ko‘rsatish uchun oddiy kartochkalar o‘rniga ilk bor elektron tablolardan foydalanishni boshlashdi.
6. O‘zbekiston terma jamoasi
Mamlakatimiz jamoasi tarixda ilk bor JCH saralashida ishtirok etdi. Ular saralashning dastlabki guruh bosqichidan qiyinchiliksiz o‘tdi, lekin asosoy guruh bosqichida Yaponiya, Janubiy Koreya kabi qit’a grandlari to‘sig‘idan o‘ta olishmadi.
7. Eng yosh va eng yoshi ulug‘ futbolchi
JCHning eng yosh o‘yinchisi Kamerun terma jamoasi a’zosi Samyuel Eto’O bo‘ldi — turnir boshlangan vaqtda u 17 yosh-u 3 oylik edi.Eng yoshi katta ishtirokchi esa Shotlandiya terma jamoasi darvozaboni Jim Leyton bo‘ldi (39 yosh-u 11 oylik).
8. Antirekord
Shotlandiyalik Tom Boyd ochilish matchida (Braziliyaga qarshi) o‘z darvozasini ishg‘ol qilib (avtogol muallifiga aylanib), JCHlar tarixidagi ilk futbolchi bo‘ldi. Ushbu «natija»ni 2014-yilda Xorvatiyaga qarshi o‘yinda braziliyalik Marselo takrorladi.
9. Ikki mamlakat sharafi
Yamayka terma jamoasi darvozasiga gol urgan xorvatiyalik Robert Prosinechki Jahon chempionatlari tarixida ikki xil terma jamoa safida gol urgan birinchi va hozircha yagona futbolchiga aylandi. Bundan avval, 1990 yilgi musobaqada u Yugoslaviya sharafini himoya qilib, BAA darvozasini ishg‘ol etgan edi.
10. Tarixiy va unutilmas uchrashuvlar
Argentina — Yamayka — 5:0 (Gruh bosqichi) Argentina — Angliya — 2:2 (penaltilar seriyasi bo‘yicha — 4:3) (1/8 final) Xorvatiya — Germaniya — 3:0 (1/4 final) Gollandiya — Argentina — 2:1 (1/4 final)
11. Qizil kartochkalar paradi
Hakamlar butun turnir davomida 22 ta qizil kartochka ko‘rsatishdi — bu o‘sha davr uchun mutlaq rekord edi. Hatto Zidan ham guruh bosqichida Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yinda maydondan chetlatilgan.
12. «Shaxmatchilar»ning muvaffaqiyati
Xorvatiya terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etdi va debyut urinishdayoq bronza medalllarini qo‘lga kiritdi.Hujumchi Davor Shuker esa 6 ta gol bilan turnir to‘purariga (kulrang butsa sohibiga) aylandi.
13. Sermahsullik feyeriyasi
Ushbu JCH o‘sha payt uchun rekord darajadagi sermahsullikni qayd etdi — musobaqada jami 171 ta gol urildi.
14. Final oldidan Ronaldo bilan aslida nima sodir bo‘lgan edi?
1998-yil 12-iyul kuni, Fransiyaga qarshi final uchrashuviga bir necha soat qolganda, mehmonxona xonasida Ronaldo kuchli stress va asabiy charchoq tufayli to‘satdan tutqanoq (sudoroga) xurujini boshdan kechiradi va qisqa muddatga hushini yo‘qotadi. Xonadoshi Roberto Karlos zudlik bilan yordam chaqiradi va Ronaldoni shoshilinch ravishda shifoxonaga olib ketishadi.Bosh murabbiy Mario Zagallo uni asosiy tarkibdan chiqarib tashlashga va o‘rniga Edmundoni qaydnomaga kiritishga majbur bo‘ladi. Biroq tez orada barcha tibbiy tekshiruvlar natijasi ijobiy chiqadi. Ronaldo o‘yin boshlanishiga bir soatdan kamroq vaqt qolganda stadionga yetib keladi, murabbiyga ko‘rik natijalarini ko‘rsatadi va tarkibga qaytarishlarini talab qiladi. Zagallo yon bosadi va o‘yin boshlanishiga 30 daqiqa qolganda tarkib arizasini qaytadan yozadi.Afsuski, bu chora foyda bermadi: Braziliya maydonda sarosimaga tushib qolgandek ko‘rindi, Ronaldoning o‘zi esa xuddi kuch bilan o‘ynayotgandek taassurot qoldirdi. Fransiya 3:0 hisobida ishonchli g‘alabaga erishdi.
