“Jadid bobolarim izidan Germaniyaga bormoqchiman”
Davlatimiz rahbarining joriy yil 15-16 fevral kunlari Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida “Jadidlar izidan” tanlovini teleko‘rsatuv shaklida yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida butun respublikamiz bo‘ylab “Jadidlar izidan” tanlovi bosqichma-bosqich o‘tkazilmoqda.
Qashqadaryo viloyatida ham mazkur tanlov ko‘tarinki ruhda tashkil etilmoqda. Tanlovda ishtirok etish uchun viloyatdan 24 ming nafardan ziyod o‘quvchi- yosh onlayn ro‘yxatdan o‘tgan va quyi bosqichlarida faol ishtirok etgan.
Kuni kecha tanlovning viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi va unda quyi bosqichlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 32 nafar o‘quvchi ishtirok etdi.
Tadbirda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i U.Oripov, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, yozuvchi, “Mutolaa” loyihasi bosh muharriri J.Jovliyev, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mas’ul xodimi A.Boboqulov ishtirok etdi va qatnashchilarga muvaffaqiyat tiladi.
Qarshi shahridagi Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabida tashkil etilgan tanlovda ishtirokchilar ikkita toifada (6-8-sinf va 8-9-sinf) uchta shart asosida sinovdan o‘tdi.
[gallery-20456]
– “Jadidlar izidan” tanlovi boshqa tanlovlardan farqli o‘laroq aynan jadidlar kabi fikrlaydigan, doimo yangilikka intiladigan yoshlarni tarbiyalashga, ya’ni shunchaki yodlash emas, mantiqiy fikrlashga undaydigan, yangi-yangi g‘oyalar bilan yashaydigan yoshlarni ko‘paytirishga xizmat qiladi, – deydi “Mutolaa” loyihasi bosh muharriri Javlon Jovliyev. – Bu tanlov bejizga maktablardan boshlanmagan, boisi jadid bobolarimiz ham ilk bor jadidchilikni maktabdan boshlagan. Ular xalqni uyg‘otishni maktablardan boshlash kerak, vatanparvar va teran bilimli yoshlarni maktabda tarbiyalash kerak, shundagina kun kelib ular mamlakat hayotida muhim o‘zgarishlarni amalga oshiradi, deya qarashgan. Qashqadaryo viloyatida ham ushbu tanlov yuqori ruhda tashkil etilmoqda. Bugun saralangan faol o‘quvchilar respublikaga boradi. Tanlovning respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yoshlar bundan yuz yil avval Germaniyaga o‘qishga jo‘natilgan o‘zbek talabalari kabi ularning izidan Germaniyaga borish chiptasini qo‘lga kiritadi. Jadid bobolarimiz borgan joylarga boradi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, ikki toifa bo‘yicha ham kitoblik o‘quvchilar ustun keldi. Jumladan, 6-8-sinflar toifasida Kitob tumanidagi 1-maktabning 8-sinf o‘quvchisi Farizoda Quvvatova 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 9-10-sinflar o‘rtasida Kitob tumanidagi 4-maktabning 10-sinf o‘quvchisi Jasmina Azimovaga teng keladigan raqib topilmadi.
– Tanlovning viloyat bosqichida munosib ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdim va bundan juda mamnunman, – deydi J.Azimova. – Tayyorgarlik jarayonida ko‘plab jadid bobolarimiz faoliyati va ijodi bilan tanishdim. Ularning xalqimiz farzandlarini ma’rifatli, ma’naviyatli va bilimli qilish maqsadida amalga oshirgan fidokorona ishlari menda katta taassurot qoldirdi. Nasib etsa, respublika bosqichida ham g‘oliblikka erishib, jadid bobolarimizning izidan Germaniyaga ham borishni maqsad qilganman.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari