Ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimiga o‘tiladi
Munosabat
Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi tom ma’noda katta tarixiy voqea bo‘ldi. Unda O‘zbekistonni rivojlantirishning nafaqat bir yillik, balki yaqin kelajakdagi yo‘nalishlari aniq ifodalab berildi. Murojaatnomada ko‘tarilgan o‘ndan ortiq masalalar, belgilab berilgan ustuvor vazifalar pirovardida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Murojaatnomada mamlakatimiz milliy rivojlanishning yangi davriga dadil qadam qo‘yayotgani, hayotimizning barcha jabhalarida ulkan o‘zgarishlar yuz berayotgani haqida aytib o‘tildi. Bu borada faqat hisobotlardagina emas, balki amalda ham ko‘plab natijalarga erishganimiz sanab o‘tildi.
Jumladan, yakuniga yetayotgan 2022 yil g‘oyat murakkab va sinovli yil bo‘lishiga qaramay, Yalpi ichki mahsulot bu yil ilk bor 80 milliard dollardan oshdi, iqtisodiyotimizga shu yilning o‘zida 8 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar kirib keldi, eksportimiz esa 19 milliard dollarga yetdi. Bu yil tariximizda ilk bor pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdori minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lmagan darajaga olib chiqildi. Vaholanki, bu raqamlar ortida mashaqqatli mehnat yotibdi.
Davlatimiz rahbari 2023 yildagi eng ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtalib o‘tar ekan, birinchi yo‘nalish sifatida ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimiga o‘tishni taklif qildi. Xususiy tashabbuslarni yanada kengaytirish, ularga yangi istiqbollarni ochish maqsadida endi “qo‘l boshqaruvi”dan aniq natijaga ishlaydigan tizimli boshqaruvga o‘tish vaqti kelgani ta’kidlandi.
Endilikda vazirliklar isloh qilinib, hukumat ish uslubi ham tubdan o‘zgartiriladi. Eng avvalo, vazirlik va idoralar soni hozirgi 61 tadan 28 tagacha kamaytiriladi. Bu orqali rahbarlarning mas’ulligini oshirish, xalq bilan bevosita ishlash, muammolarni o‘z vaqtida hal qilish, berilgan vazifalarning sidqidildan bajarilishiga erishiladi. Ya’ni, Davlat xizmatchilari soni bosqichma-bosqich 25-30 foizga qisqarib, iqtisod qilinadigan mablag‘lar ijtimoiy masalalarga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilmoqda.
Bugun biz Qonunchilik palatasida “Hukumat soati”da vazirliklarning axborotlarini muntazam eshitib boryapmiz. Bu esa vazirliklarning o‘z faoliyatiga bo‘lgan mas’uliyatini yanada oshirib, deputatlar oldida hisobdorligini his qilishiga zamin bo‘layotir.
Shu bilan birga, yangi vazir tayinlashda ham deputatlar ishtirok etayapti, rejalari bilan tanishib, ma’qullayapti. Shunday ekan, vazir faoliyatini samarali tashkil etishda parlamentdagi qo‘mita, komissiya va deputatlarning ham mas’uliyatini belgilash lozimligini davlatimiz rahbari alohida ta’kidlab o‘tdi.
Shunday ekan, Murojaatnomada belgilab berilgan ushbu muhim masalaga jiddiy yondashishimiz, eng muhimi, yurt taqdiriga daxldor bo‘lib, xalqimizni rozi qilish uchun hammamiz birgalikda ishlashimiz kerak.
Dilbar Usmonova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
O‘zA