Ixcham va ko‘chma yonilg‘i quyish shoxobchalari ishlab chiqarilmoqda (+video)
O‘zbekiston zamini xalqimizga bebaho ne’mat berdi. Bu yer ostidan sizib chiqayotgan gaz va neftdir.
Rasman qayd etilgan raqamlar yurtimizda deyarli har bir voyaga yetgan inson avtomobilga egaligidan dalolat beradi. Ularning 90 foizi esa metan va qisman propan gazida harakatlanadi. Zamondagi imkoniyat ehtiyoj o‘zgarishiga olib keldi. Endi benzin, dizel yonilg‘isiga talab pasaydi. Shunday ekan, ulkan yonilg‘i quyish shoxobchalari kerakmi, degan mulohaza paydo bo‘ladi. Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanida shu savolga amaliy javob topdilar. “TEKNIK INNOVTSION” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ixcham, yengil konstruksiyali, ko‘chma imkoniyatga ega yonilg‘i quyish shoxobchalari ishlab chiqarila boshlandi. Uning qulayligi shundaki, u atigi bir sotix yerga joylasha oladi. Zarur bo‘lganda istalgan manzilga ko‘chirib borib qayta o‘rnatish mumkin.

Buni qarangki, bu yangilik juda tez xaridorini topdi. Toshloqda ishlab chiqarilgan ko‘chma yoqilg‘i quyish shoxobchalari yurtimiz va xorijiy mamlakatlarga yo‘l oldi.
– O‘tgan yili 10 milliard so‘mdan ortiq mahsulot ishlab chiqardik. Shundan 4 milliard so‘mdan ortig‘i qo‘shni mamlakatlarga va Qozog‘istonga eksport qilindi, – deydi “F.A.X.R KUP” korxonasi ish yurituvchisi Ma’mur Xolmurodov. – Benzin va propan quyish shoxobchalaridan tashqari yonilg‘i saqlovchi rezervuar ham ishlab chiqaramiz.

Korxonaga xalqaro sertifikatga ega yuqori bosimga bardoshli metall xom-ashyo keltirilgani tufayli mahsulot kafolati bir necha o‘n yillarni qamrab olmoqda. Payvandlash ishlarida esa robot yoki lazer nuri qo‘llanyapti. Toshloqlik tadbirkorlar o‘z ustida tinimsiz ishlaydi, izlanadi. Shu kunlarda ham ishchi-mutaxassislarning bir guruhi xorijga malaka oshirgani ketgan.

– Xitoyda hamkorlarimiz bor. Ayni kunda 10 nafar ishchi mutaxassislarimiz yangi sig‘imlar ishlab chiqarish, metallni lazer yordamida payvandlash kabi masalalarda tajriba orttirgani ketishgan, – deydi Ma’mur Xolmurodov.

Zamon, u bilan ehtiyoj qoidalari o‘zgaryapti. Bu ilgari oddiy ko‘ringan xizmat turlari misolida ham ayon bo‘lmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/FV--W0wVsf0" title="Xizmat shaklini ehtiyoj belgilaganda..." frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov, O‘zA