Istiqlol talabalarga ilhom ulashmoqda
Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “Mustaqillik – 35 yil” shiori ostida tasviriy san’at tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Unda oliy ta’lim muassasasining qurilish materiallari sanoati ixtisoslashtirilgan texnologiyalari fakulteti talabalari rang-barang, sermazmun ijodiy ishlarini keng namoyish etdi.

Izlanuvchan talaba yigit-qizlar ochiq osmon ostidagi bellashuvda turli mavzuda yaratgan tasviriy san’at asarlarida ona Vatanga cheksiz mehr-sadoqati, jannatmonand yurtimizning betakror go‘zalligi, tinch-farovon hayot va yoshlarning orzu-intilishlari, intellektual dunyoqarashini, nafis san’atning qalb mujdasi, mustaqillik, erkin va obod hayotning tuganmas ilhom manbai ekanini mahorat bilan aks ettirdi.

Oliy ta’lim muassasasida o‘n mingga yaqin yigit-qiz o‘zlari tanlagan kasb sirlarini chuqur o‘rganmoqda. Ularning izlanish va intilishlarini qo‘llab-quvvatlab, iste’dodini keng namoyon etishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri