Istiqbolli yoshlar sinovdan o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutining 4 oylik qayta tayyorlash o‘quv kurslariga nomzodlar uchun test sinovlari bo‘lib o‘tdi.
Davlat test markazi tomonidan Samarqand davlat universitetida tashkil qilingan test sinovlarida samarqandliklar bilan birga Surxondaryo, Qashqadaryo, Jizzax va Navoiy viloyatidan bo‘lgan talabgorlar ishtirok etdi.
Respublikamizning istiqbolli kadrlari safiga kirish maqsadida bo‘lgan talabgorlar O‘zbekiston tarixi, Iqtisodiyot nazariyasi va Huquqshunoslik fanlaridan tuzilgan 60 ta test topshirig‘i asosida o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi.
Belgilangan talablarga muvofiq, test sinovlari Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutining 4 oylik qayta tayyorlash o‘quv kurslari qabul jarayonining dastlabkisi bo‘lib, test sinovi natijalariga ko‘ra 49,5 va undan yuqori ball to‘plagan nomzodlar suhbatdan o‘tishga tavsiya qilinadi.
Alisher ISROILOV olgan suratlar