Istiqbolli loyihalar samaralari
Buxoro viloyatida tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, investitsiya dasturlari doirasida xorijiy moliya institutlari mablag‘lari hisobidan bir qator loyihalar ish boshlayotir.
Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B. Valiyev rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi. Xususan, “O‘zsuvta’minot” AJ mas’ulligida va Osiyo infratuzilma investitsiyalar banki ishtirokida amalga oshirilayotgan “Buxoro viloyatining ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimlarini rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida bajarilgan ishlar mas’ullar ishtirokida tahlil qilindi.

Mazkur loyihaning umumiy qiymati 385,1 million dollarni tashkil qilib, loyiha doirasida 1 ta ichimlik suvi va 5 ta oqova suv tozalash inshootlari, 3 ta suv minoralari, 43 ta suv tarqatish inshootlari, 2 192,7 kilometr ichimlik va 614,9 kilometr oqova suv tarmoqlari hamda 67 ta nasos stansiyalarini qurish rejalashtirilgan.
Loyihani amalga oshirilishi natijasida viloyatning 1 254 ming aholisini markazlashgan toza ichimlik suvi va 165 ming aholini oqova suv xizmatlari bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilgan. Ishchi guruhi tomonidan loyiha doirasida Qorovulbozor tumanida amalga oshirilayotgan “Suv ta’minoti tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish” paketi bo‘yicha bajarilayotgan qurilish ishlari joyiga chiqqan holda o‘rganildi.

O‘rganish natijasiga ko‘ra, buyurtmachi va pudrat tashkilotlari rahbarlari hamda boshqa mas’ullarga qurilish ishlarini tarmoq jadvalida belgilangan muddatlarda sifatli amalga oshirish hamda ob’ektni o‘z vaqtida foydalanishga topshirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berilib, qurilish ishlarining borishi alohida nazoratga olindi.
Davlat rahbari tomonidan joriy yilning 23 may kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda berilgan topshiriqqa muvofiq, Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B. Valiyev, Buxoro viloyati hokimi B.Zaripov, Bosh prokuratura ishchi guruhi, shuningdek, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, “Asakabank” AJ, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi mas’ul xodimlari Buxoro shahrida joylashgan “Rusal karmen pharm” MCHJda farmatsevtika sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan tashabbuskorlarning mavjud muammolarini o‘rganish va bartaraf etishga bag‘ishlangan muhokama yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tdi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan farmatsevtika sohasida faoliyat yuritayotgan 13 ta tadbirkorlar tomonidan bildirilgan kredit ajratish, ruxsatnoma rasmiylashtirish, kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, soliq va shu kabi boshqa masalalarga doir 10 ta muammolar hamda 4 ta qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflari ko‘rib chiqildi.
Tadbirda muammoli masalalar joyida hal etildi. O‘rganish ma’lum muddat talab etiladigan muammolarni qonuniy hal etish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilib, ijrosi alohida nazoratga olindi. Shuningdek, ishchi guruh “Rusal karmen pharm” MCHJning dori vositalari ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi taqdimoti bilan tanishdi. Loyihani tez fursatlarda ishga tushirish, uni amalga oshirishda xorijiy tajribadan keng foydalanish va ushbu jarayonlarda muammoli masalalar yuzaga kelgan hollarda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri bosh prokuratura shtabiga ma’lum qilish borasida tushuntirishlar berildi.

Bundan tashqari, mazkur jamiyat tomonidan aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida tashkil etilgan klinika va undagi shart-sharoitlar bilan joyida tanishilib, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi va boshqa mas’ullarga viloyatning boshqa hududlarida ham aholiga yanada sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish faoliyatini tashkil etish choralarini ko‘rish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Bu boradagi o‘rganishlar davom etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri