“Iste’molchilar uyi” loyihasi amalda
Navoiy viloyati Konimex tumani Do‘stlik mahallasida “Iste’molchilar uyi” qurilib, foydalanishga topshirildi.
Tadbirda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov, Konimex tumani hokimi Ruslan Ro‘ziyev, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari, korxona, tashkilot rahbarlari, mahallalar faollari, OAV va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Unda so‘zga chiqqanlar yurtimizda aholining iste’molchi sifatida huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 4 martdagi “2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni hamda ushbu farmon asosida tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”da jamoatchilik nazorati, davlat boshqaruvi va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki darajasini oshirish, shuningdek, davlat organlarining ochiqligi va oshkoraligini yanada kengaytirish, davlat boshqaruvi organlari tomonidan bajarilayotgan funksiyalarning fuqarolik jamiyati institutlari orqali amalga oshirishning miqdorini ko‘paytirish masalasi ustuvor vazifa etib belgilangan.

Yurtimizda “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” g‘oyasini amalda ro‘yobga chiqarish, fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va jamiyat ishlaridagi ishtirokini faollashtirish hamda ijtimoiy sheriklikning zamonaviy mexanizmlari joriy etilyapti.

– Bugungi kunda mahalliy hokimliklarning amaliy ko‘magida Federatsiya tomonidan aholining iste’mol madaniyatini oshirish, tumanda kutubxona xizmati ko‘rsatish tizimini tashkil etish, aholi, ayniqsa, yoshlarning huquqiy savodxonligini yanada oshirishga xizmat qiladigan, iste’molchilik sohasi, siyosiy va badiiy adabiyotlar bilan ta’minlangan “Iste’molchi kutubxonasi” va aholini iste’molchi sifatidagi huquqiy bilimini yuksaltirish maqsadida “Iste’molchilar uyi” loyihasi amalga oshirilmoqda, – deydi Federatsiyaning Navoiy viloyati hududiy birlashmasi raisi Tojiddin Eshmirzayev. – Loyiha doirasida tumanlarimizda “Iste’molchilar uyi” qurilmoqda. Shu kunga qadar Tomdi, Qiziltepa tumanlari va Zarafshon shahrida ana shunday maskanlar qurilib, foydalanishga topshirilgan.

Zamonaviy uslubda qurilgan, o‘ziga xos innovatsion yechimga ega “Iste’molchilar uyi” ma’muriy kompleksidan joy olgan “Iste’molchi qabulxonasi”da iste’molchilarning ariza va murojaatlari qabul qilinadi.
Darhaqiqat, bu kabi maskanlar aholining, qolaversa, yosh avlodning huquqiy bilimini oshirish hamda iste’mol madaniyatini yanada yuksaltirish, fuqarolarning murojaatlarini tezkorlik bilan hal etilishida xizmat qiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri