Iste’molchilar huquqlari qonun himoyasida
Navoiy viloyati raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish hududiy boshqarmasi tomonidan aholi va iste’molchilar huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida maktablar va oliygohlarda turli seminar va uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Shuningdek, kommunal tizim, yo‘lovchi tashish va jamoat transporti, iste’mol tovarlari, dori vositalari narxlarining asossiz oshib ketishining oldini olish maqsadida monitoring va o‘rganishlar olib borilmoqda.
Bundan tashqari, byudjet tashkilotlari va byudjet mablag‘lari oluvchilarning 2023 yilning yanvar-mart oylarida xarid qiladigan oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining eng yuqori chegarasini belgilash yuzasidan tahlillar o‘tkazildi.
– Iste’molchilarning asosiy huquqlari “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida” gi qonun bilan mustahkamlangan. Qonunning 23-moddasida Davlat iste’molchilarning tovar (ish, xizmat) sotib olishi va undan foydalanish chog‘idagi huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari himoya qilinishini kafolatlashi belgilangan, – deydi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari N.Isayev. – Iste’molchilarning asosiy huquqlari ish, mahsulot, ishlab chiqaruvchilar to‘g‘risida to‘liq ma’lumot olish, mahsulotni erkin tanlash va uning tegishli darajada sifatli va xavfsiz bo‘lishini talab qilish, buzilgan huquqlari yoki qonun bilan muhofaza etiladigan manfaatlari himoya qilinishini so‘rab sudga va boshqa vakolatli davlat organlariga murojaat etish hisoblanadi. Shuningdek, iste’molchi maqbul nooziq-ovqat mahsulotini xarid qilgan kundan e’tiboran 10 kun ichida uni sotib olgan joyidagi sotuvchidan aynan shunday mahsulotga almashtirib olishga, agarda sotuvda bo‘lmasa, pulini qaytarib olishga haqli.
Boshqarma xodimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida” gi qonuni va qonunosti hujjatlari ijrosi yuzasidan joriy yil birinchi choragida 558 marotaba monitoring o‘tkazilgan. Shundan 124 holatda kamchiliklar aniqlanib, ularni bartaraf etish choralari ko‘rilgan. Aniqlangan qonun buzilish holatlarining aksariyat qismi tashqi reklamani joylashtirish talablariga amal qilmaslik holatidir. Boshqarmaga joriy yilning birinchi choragida iste’molchilardan 192 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 115 tasi ijobiy hal etilgan. 28 tasiga tushuntirish berilgan va 25 tasi tegishliligi bo‘yicha vakolatli idoralarga yuborilgan. Natijada 538 nafar iste’molchining huquqi tiklanib, ularning foydasiga qariyb 223 million 173 ming so‘m mablag‘ qayta hisob-kitob qilib berilgan.
A.Bo‘riyev, O‘zA