Iste’molchilar huquqini himoya qilish tizimida adolatsiz tijorat amaliyotini tartibga solishning ahamiyati
Zamonaviy bozor iqtisodiyoti sharoitida tadbirkorlik faoliyati jadal rivojlanishi, raqamli savdo platformalari va marketing usullari kengayishi iste’molchi bilan tadbirkor o‘rtasidagi munosabatni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi.
Prezident huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti bosh ilmiy xodimi Adiba Safarova O‘zA muxbiriga shu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirib berdi:
– Bu jarayon, bir tomondan, bozorda tanlov imkoniyatini kengaytirsa, ikkinchi tomondan, iste’molchini chalg‘ituvchi, aldamchi yoki tajovuzkor tijorat amaliyoti qo‘llanishi xavfini oshiradi. Ayniqsa, iste’molchi erkin iqtisodiy qaror qabul qilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi adolatsiz tijorat amaliyoti bozor munosabatining barqarorligi va odilligiga jiddiy tahdid soladi.
Adolatsiz tijorat amaliyoti nafaqat iste’molchi manfaatiga zarar yetkazadi, balki bozorda sog‘lom raqobat muhiti shakllanishiga ham to‘sqinlik qiladi. Zero, iste’molchini aldash yoki unga noqonuniy bosim o‘tkazish orqali moliyaviy ustunlikka erishgan tadbirkor adolatli, halol faoliyat yuritayotgan bozor ishtirokchisi uchun teng bo‘lmagan sharoitni vujudga keltiradi. Shu ma’noda adolatsiz tijorat amaliyotini tartibga solish nafaqat iste’molchini himoya qilish vositasi, balki bozor munosabatida adolat va ishonch ta’minlanishning muhim huquqiy kafolati sifatida namoyon bo‘ladi.
Xalqaro huquq amaliyoti, xususan Yevropa Ittifoqi tizimida adolatsiz tijorat amaliyotini mustaqil huquqiy institut sifatida tartibga solish iste’molchining iqtisodiy xulq-atvorini himoya qilishga qaratilgan samarali mexanizm sifatida shakllangan. Bunday yondashuvda asosiy e’tibor tadbirkor faoliyati natijasiga emas, balki iste’molchining qaror qabul qilish jarayoniga ta’sir ko‘rsatuvchi usul va amaliyotga qaratiladi. Masalan, soxta chegirma, mahsulot xususiyati haqidagi yolg‘on ma’lumot, yashirin to‘lov, tajovuzkor savdo usuli, masalan qo‘rqitish, bosim yoki bepul, deb e’lon qilib, keyin to‘lov talab qilish va hokazo. Bu iste’molchi huquqini himoya qilishga profilaktik va preventiv mexanizm joriy etish imkonini beradi.
YeIda adolatsiz tijorat amaliyoti “EU Unfair Commercial Practices Directive” bilan tartibga solinadi. Mazkur hujjat faqat tadbirkor va iste’molchi (B2C) munosabatiga nisbatan qo‘llanadi va iste’molchi huquqi doirasini raqobat huquqidan konseptual jihatdan farqlaydi.
2005-yil 11-mayda qabul qilingan, iste’molchini nohaq tijorat amaliyotidan himoya qilish va ichki bozorda yagona huquqiy yondashuvni ta’minlash ko‘zlangan mazkur direktiva biznes va iste’molchi munosabatini tartibga soladi, shartnoma tuzishdan oldingi va keyingi jarayonni qamrab oladi.
Hujjatga ko‘ra, tijorat amaliyoti kasbiy ehtiyotkorlik talabiga zid bo‘lgan, o‘rtacha iste’molchining iqtisodiy qaror qabul qilishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan yoki shunday ehtimol kuzatilgan taqdirda adolatsiz, deb topiladi. Bunday holatda “o‘rtacha iste’molchi” mezoni asosiy baholash standarti sifatida qo‘llanadi. O‘rtacha iste’molchi yetarli darajada xabardor, e’tiborli va ehtiyotkor iste’molchi sifatida tasavvur qilinadi. Bu haqiqiy shaxs emas, balki huquqiy baholash uchun qo‘llanadigan mavhum standartdir.
Nohaq amaliyot ikki asosiy turga ajratilgan:
Chalg‘ituvchi amaliyot – yolg‘on yoki noto‘g‘ri ma’lumot berish, mahsulotning xususiyati, narxi yoki kelib chiqishi bo‘yicha iste’molchini chalg‘itish, shuningdek muhim ma’lumotni yashirish;
Taҗovuzkor amaliyot – bosim o‘tkazish, majburlash yoki haddan ziyod ta’sir orqali iste’molchining erkin tanlovini cheklash.
Direktiva ilovasida “black list” – qora ro‘yxat bilan keltirilgan 31 xil amaliyot har qanday holatda nohaq deb baholanadi. Masalan, tovarni bepul deya reklama qilib, majburiy to‘lov talab qilish yoki piramida shaklidagi savdo sxemasi tashkil etish.
Hujjat imkon darajasida uyg‘unlashtirish tamoyiliga asoslangan. Ya’ni, a’zo davlatlar, ayrim istisno holatlardan tashqari, iste’molchini himoya qilish maqsadida belgilangan darajadan chetga chiquvchi qoida joriy eta olmaydi. Shu tariqa YeI ichki bozorida huquqiy barqarorlik va tadbirkor uchun teng raqobat sharoitini ta’minlaydi.
Xulosa qilib aytganda, “Directive 2005/29/EC” iste’molchini himoya qilish sohasida yagona standartni shakllantirgan, o‘rtacha iste’molchi konsepsiyasi va qora ro‘yxat mexanizmi orqali huquqni qo‘llash amaliyotiga aniqlik kiritgan muhim me’yoriy hujjat hisoblanadi.
Shunga o‘xshash qoida Yevropaning ko‘plab mamlakatlari qonunchiligida ham mavjud. Masalan, Buyuk Britaniya 2008-yil tasdiqlagan Adolatsiz savdo amaliyotidan iste’molchini himoya qilish qoidasi – “The Consumer Protection from Unfair Trading Regulations-2008” hamda Italiya Iste’molchilar kodeksi 20-26-moddalarida ayni me’yor mustahkamlangan.
O‘zbekiston sharoitida adolatsiz tijorat amaliyoti alohida huquqiy institut sifatida tizimlashtirilmagan va shu bois bunday munosabatlar fuqarolik huquqi, raqobat va reklama qonunchiligi me’yori orqali tarqoq holda tartibga solinadi.
Masalan, Fuqarolik kodeksi huquqiy munosabat ishtirokchisi halol, oqilona, adolat bilan harakat qilishini nazarda tutadi. Mazkur talab umumiy huquqiy tamoyil sifatida har qanday shartnoma uchun majburiydir. “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 21-moddasi ham bir necha turdagi insofsiz raqobat, jumladan tovarning xususiyati, ishlab chiqarilishi usuli va joyi, iste’mol xossasi, narxi va sifati, ishlab chiqaruvchi, bajaruvchining kafolat majburiyati borasida iste’molchi chalg‘itilishni taqiqlaydi. Ushbu qonun iste’molchi huquqi himoyasini emas, balki shu orqali raqobatni tartibga solish maqsadini ko‘zlaydi. Ya’ni, raqobat huquqi, eng avvalo, tadbirkorlar o‘rtasidagi (B2B) munosabatni tartibga solishga qaratilgan: asosiy vazifa bozorda sog‘lom raqobat muhitini saqlash, yakka hokimlik, kelishilgan harakat – kartel yoki ustun mavqeni suiste’mol qilish kabi holatlarning oldini olishdir. Shu nuqtai nazardan raqobat huquqi bevosita iste’molchi emas, balki bozor ishtirokchilari o‘rtasidagi iqtisodiy munosabat bilan bog‘liq.
Ayrim hollarda raqobat huquqi iste’molchi manfaatiga daxldor bo‘lishi ham mumkin. Masalan, agar tadbirkor iste’molchini chalg‘itish, yolg‘on yoki noto‘g‘ri ma’lumot tarqatish orqali raqobatchisidan ustunlikka erishishga harakat qilsa, bunday holat bir vaqtning o‘zida ham raqobatga, ham iste’molchi huquqiga ta’sir ko‘rsatadi. Ayni vaziyatda chalg‘itish iste’molchiga nisbatan adolatsiz amaliyot – maqsad raqobatchiga zarar yetkazish yoki bozorda ustunlikka erishish bo‘lsa, raqobat huquqi doirasiga ham tegishli hisoblanadi.
Nazariy va huquqiy jihatdan qaraganda raqobat va iste’molchi huquqi muhofazasi mustaqil huquqiy institut sifatida maqsad va tartibga solish manziliga ko‘ra farq qiladi:
Raqobat huquqi bozor tuzilishi va tadbirkor o‘rtasidagi munosabatni himoya qiladi, ob’ekt esa jarayonni ifodalaydi.
Iste’molchi huquqi himoyasi jarayoni uning iqtisodiy manfaati, axborot olish huquqi va adolatli shart asosida xizmat yoki tovar sotib olish imkoniyatini ta’minlaydi. Ob’ekt esa iste’molchining shaxsiy manfaatidir. Xullas, raqobat huquqi bozorda adolatli o‘yin qoidasini belgilasa, iste’molchi huquqini himoya qilish unga nisbatan adolatni ta’minlaydi. O‘zaro bog‘liq bu jarayonda huquqiy tabiat va tartibga solish vositasi bir-biridan farq qiladi.
“Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 16-moddasiga ko‘ra, reklama tovar, mahsulotni olish yoki tovardan foydalanish sharti haqidagi muhim ma’lumotni yashirish va (yoki) o‘qish, farqlab olishni qiyin qilib tasvirlash, axborot mazmunini buzib ko‘rsatish, reklamadan foydalanuvchini chalg‘itish taqiqlangan. Bundan tashqari Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-fevraldagi 75-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidasida iste’molchi huquqi bilan bog‘liq savdo tartibini buzish turlari sanab o‘tilgan. Garchi muayyan harakat savdo qoidasini buzish hisoblansa-da, mazmunan iste’molchi huquqini buzuvchi adolatsiz tijorat amaliyotiga o‘xshaydi.
Bunday qoidabuzarlik narxni asossiz ravishda oshirish, tovar, mahsulotni noto‘g‘ri o‘lchash yoki tortish, xizmat ko‘rsatmaslik, rag‘batlantiruvchi aksiya va chegirma qo‘llash talabini buzish, tovar, mahsulot, xizmat uchun chek, bo‘nak, hisob bermaslik, xaridorga tovarning sifati, butligi, o‘lchami, og‘irligini tekshirish imkonini yaratishdan bosh tortish, iste’molchiga uzoq muddat foydalaniladigan sifati, yomon tovarni ta’mirlash yoki almashtirish davrida sifatli shunday tovarni berishdan bo‘yin tovlash, plastik kartadan to‘lov qabul qilishni rad etish kabi harakatlarni nazarda tutadi.
O‘zbekistonda adolatsiz tijorat amaliyoti tarqoq va qisman tartibga solinishi, iste’molchi – tadbirkor munosabati yagona konsepsiya asosida emas, balki alohida me’yor orqali tartibga solinishi huquqni qo‘llash amaliyotida muayyan noaniqlik, shuningdek adolatsiz tijorat amaliyotini raqobatga qarshi harakat bilan chalkashtirish holatlariga olib kelishi mumkin. Shu bois sohani konseptual jihatdan tahlil qilish, huquqiy tabiat va tartibga solish mexanizmini aniq belgilash dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Shu nuqtai nazardan milliy qonunchilikni raqobat va iste’molchi huquqi himoyasiga alohida yondashuvni hisobga olgan holda ko‘rib chiqish, “Iste’molchi huquqini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida adolatsiz tijorat amaliyotini alohida institut sifatida tartibga solish taklif etiladi. Ushbu tavsiyalar iste’molchi huquqini mustahkam muhofaza qilish, bozorda shaffoflik va ishonchni ta’minlash, shuningdek milliy qonunchilikni xalqaro standartga yaqinlashtirishga xizmat qiladi.
O‘zA muxbiri Aziza Alimova yozib oldi.