Iste’molchilar huquqi qonun himoyasida
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Namangan viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan fuqarolarning qonuniy manfaatlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, boshqarma “Ishonch telefoni” orqali kelib tushgan ichimlik suvi bilan bog‘liq bo‘lgan murojaatlardan biri “Namangan suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati Namangan shahar bo‘limi bilan hamkorlikda o‘rganib chiqildi. O‘rganishda suv ta’minoti korxonasi xodimining mas’uliyatsizligi, ya’ni dalolatnoma tuzishda xatolikka yo‘l qo‘yilgani oqibatida iste’molchiga 6 760 756 so‘m qarzdorlik kelib chiqqani aniqlandi.
Jamiyat xodimi tomonidan tuzilgan dalolatnoma qaror talablari asosida tuzilmaganligi sababli bekor qilindi va iste’molchi murojaatida keltirilgan 6 760 756 so‘m qarzdorlik bartaraf etilib, iste’molchining buzilgan huquqlari tiklandi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida” gi qonunning 23-moddasida iste’molchilar huquqlarining davlat tomonidan himoya qilinishini ta’minlash, davlat iste’molchilarning tovar (ish, xizmat) sotib olishi va undan foydalanish chog‘idagi huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari himoya qilinishini kafolatlanishi belgilangan.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA