Iste’molchilar huquqi himoyasi amalda
Navoiy viloyatida iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda. Xususan, fuqarolarning murojaatlari asosida qator muammolar ijobiy hal etilmoqda.
Nurota tumanida yashovchi fuqaro J.I federatsiyaning 1091 ishonch telefoni orqali murojaat qilib, Xatirchi tumanidagi savdo markazidan muddatli to‘lov asosida xarid qilgan uyali telefonda muammo mavjudligini ma’lum qilgan. Uning ta’kidlashicha, “Samsung Galaxy A36 8/128GB Black” rusumli telefonda MDM dasturi o‘rnatilgan bo‘lib, bu haqda sotuvchi tomonidan oldindan ogohlantirilmagan.
Fuqaro bir necha bor do‘kon ma’muriyatiga murojaat qilganiga qaramasdan, masala yechimini topmagan. Xatirchi tuman jamiyatining aralashuvi bilan ushbu holat atroflicha o‘rganilib, telefon sotuvchiga qaytarildi va 6 million 948 ming so‘mlik shartnoma bekor qilindi. Shu tariqa fuqaroning huquqlari tiklandi.
Shuningdek, Xatirchi tumani “Maydon” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro A.N ham jamiyatga murojaat qilib, muddatli to‘lov asosida xarid qilgan elektroskuterdan norozi ekanligini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 12 million so‘mga sotib olingan elektroskuter sotuvchi tomonidan yuqori quvvatli deb ta’riflangan, ammo amalda u kam quvvatli bo‘lib chiqqan.
Fuqaroning e’tirozlariga qaramasdan, savdo do‘koni xodimlari muammoni hal etmagan. Jamiyat xodimlari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar va huquqiy tushuntirishlar natijasida, fuqaroga oldindan to‘langan 400 ming so‘m mablag‘ qaytarildi va 12 million so‘mlik shartnoma bekor qilindi.
A. Bo‘riyev, O‘zA